KANOP
KANOP (Hibiscus cannabinus) — g’o’zadoshlar oilasiga mansub lub tolali bir yillik o’simlik, tolasi uchun ekiladigan ekin. Kanop yovvoyi holda Janubiy Afrikada va Markaziy Hindistonda uchraydi. Vatani — Hindiston. Eron, Xitoy, Yava va Sumatra orollarida, Afrika, Amerika (AQSh, Braziliya, Kuba), Rossiyaning Janubda ekiladi. O’zbekistonda 20-asrning 30-yillaridan boshlab ekiladi (1925 yilda Sirdaryo viloyatida tadqiqot maqsadlarida 275 gektar maydonga ekilgan, hosildorlik 3 ts/ga ni tashkil qilgan). Kanopning o’q ildizi tuproqqa 1,5—2 metr chuqurlikka kirib boradi. Sug’oriladigan yerlarda ildizning asosiy qismi 30-50 santimetr chuqurlikda taraladi. Poyasi tik o’sadi, rangi yashil, tukli. Bo’yi 1,5—3,5 metrgacha, uchki tomoni shoxlanadi. Barglari yirik, barg bandlari uzun. Gullari yirik, och sariq (deyarli oq) qisqa bandli (5-7 mm), barg qo’ltig’ida joylashadi. Mevasi 5 uyali tuxumsimon ko’sakcha, uzunligi 2,5 santimetr, eni 1-2 santimetr, har bir uyada 2-3 ta urug’i bor. Urug’i 3 qirrali, to’q kulrang. 1000 tasining vazni 18-24 gramm, uzunligi 3-5 millimetr, eni 2,5—4 millimetr. Kanop namga, haroratga va yorug’likka talabchan. O’sish davri 124-145 kun. Kanop urug’i tarkibida 18— 20% texnika moyi bor. Moyi lok-bo’yoq sanoatida, sovun tayyorlashda ishlatiladi. Kuruq poyasidan 16-20% to’qishga yaroqli tola olinadi. Kanop almashlab ekishda kuzgi bug’doy, dukkakli don, bedadan keyin ekiladi. Ekishdan avval yer kuzda 28-30 santimetr chuqurlikda shudgor qilinadi. 50×10—12 santimetr sxemada, urug’olish uchun qator orasi 60 santimetr qilib yakka qatorlab ekiladi. Poya olish uchun 30-35 gektar kg/ga urug’ sarflanadi (yaganalangandan so’ng ko’chat qalinligi 160— 180 ming tup/ga). Urug’olish uchun 10-12 kg/ga urug’lik sarflanadi. Urug’4-6 santimetr chuqurlikka ko’miladi. Ekinni parvarish qilish, qatqaloqqa qarshi kurash, qator oralarini ishlash, oziqlantirish va sug’orishdan iborat. Vegetatsiya davrida 4-5 marta kultivatsiya qilinadi, 2 marta oziqlantiriladi. Kanop suvga talabchan. Yer osti suvlari 1,0— 1,5 pastda joylashgan o’tloqi-botqoqi tuproqlarda 5-7 marta, yer osti suvlari chuqur joylashgan tuproklarda 8— 10 marta sug’oriladi. Sug’orish normasi 800-1000 m3/ga. Kanop o’rtacha 1 gektar yerdan 100-120 tsentner ko’k poya va 4-5 tsentner urug’ beradi. O’zbekistonning sug’oriladigan yerlarida yuqori Agrotexnikani qo’llab 150-180 ts/ga ko’k poya va 8-9 ts urug’olish mumkin. Navlari: O’zbekistonda “O’zbekiston-3876”, “O’zbekiston-2142”, “Kuban-338” navlari ekiladi. Zararkunandalari: tunlamlar, Lavlagi qandalasi, bitlar, tripslar va boshqalar. Kasalliklari: poyaning kulrang chirishi, alternariozlar. Hapima Otaboyeva.