Jom cho’li

Jom cho’li — Samarqand viloyatidagi cho’l. Zarafshon tizma tog’larining g’arbiy va Zirabuloq tog’larining Sharqiy etaklarida joylashgan. Jom cho’lida bo’ylama cho’zilgan qirlar, to’lqinsimon lyossli tekisliklar bor. O’rtacha balandligi 500-600 metr, asosiy balandliklar Zarafshon tog’lari etaklaridan Janubiy-G’arb tomon pasayib boradi. Relefi o’ydim-chuqur (1 — 10 metr va undan ziyod). Jom cho’lining Janubiy-g’arbida soyliklar (Sobirsoy, Toshbaqasoy, Kattasoy, Qo’shilishsoy va boshqalar), sharqida Zarafshon tog’lari etaklaridan boshlanuvchi soylar (Jomsoy, Sayidjilg’asoy, kattasoy, Sariqulsoy) g’arbga tomon yo’nalgan. Zarafshondan boshlanuvchi eski Anhor va Jom kanallari cho’lni kesib o’tadi, ulardan Qashqadaryo vohasida sug’orishda foydalaniladi. Jom cho’lining o’rni Zarafshon va Zirabuloq tizmalari o’rtasidagi tektonik botiqdan iborat. To’rtlamchi davrning lyoss va lyossimon jinslari tog’ etaklarida 10-15 metr, Markaziy qismida 70 metrgacha qalinlikda to’plangan. Grunt suvlari sathining chuqurligi shimolda (ulus kengligida) 10-20 metr, sho’rligi kamroq (1— 3 g/l). Artezian suvlari bo’r, Paleogen va neogen yotqiziqlarida mavjud, ularning aksariyati sho’rroq. Efemer, efemeroidlar, qo’ziquloq, oqquray, karrak va boshqa o’t o’simliklar keng tarqalgan. Tuprog’i, asosan, tipik bo’z tuproq. Yer osti suvlari sug’orishda va chorva mollarini suv bilan ta’minlashda ishlatiladi. Tog’ etaklariga yaqin va boshqa ayrim joylar lalmi dehqonchilikda, soyliklar sug’oriladigan dehqonchilikda foydalaniladi.