Jilonbuzgan devorlari
Jilonbuzgan devorlari – Ohangaron vodiysini Janubiy-Sharqiy tomondan uragan qadimgi mudofaa devorlari. Jilonbuzgan devorlari Chatqol tog’laridan boshlanib, Ohangaron daryosining o’ng va chap sohillaridagi qadimgi sug’orilgan yerlarni o’z ichiga olgan holda Sirdaryoning o’ng qirg’og’iga kelib taqaladi va Sirdaryoning chap qirg’oq tomonida ham davom etadi. Jilonbuzgan devorlari Markaziy Osiyoda arablar hukmronligi davrida (8-9-asrlar) Ohangaron vodiysidagi obod yerlarni ko’chmanchilarning hujumlaridan mudofaa qilish uchun barpo etilgan. Jilonbuzgan devorlarini 1957, 1959, 1967 yillarda arxeolog X. Muhamedov tekshirgan. Jilonbuzgan devorlari bir-biriga parallel holda 2-3 qator paxsa devor urib, ularning oralig’idagi maxsus qoldirilgan bo’shliq loy (lo’mboz) va tuproq bilan to’ldirilgan. Shu sababli Jilonbuzgan devorlarining xarobalari bir- biriga parallel ikki-uch qator sun’iy marzalar (kengligi 35-45 metr va balandligi 2-3 metr) holida saqlangan. Ad.: Muhamedov X., O’zbekistonning qadimiy mudofaa inshootlari tarixidan, T., 1961.