Ustritsalar
Ustritsalar (Ostreidae) — dengiz ikki pallali mollyuskalari oilasi. Chig’anog’ining balandligi 45 santimetrgacha, to’garak yoki oval — ponasimon shaklda, tishsiz. Odatda, germafrodit, ba’zi turlari ayrim jinsli. Urug’hujayralari suv oqimi bilan mantiya bo’shligiga o’tib, tuxumlarni urug’lantiradi. 0,3—6 million tuxum qo’yadi. Lichinkasi suvda rivojlanadi. Bir necha 10 ta turi bor. Sohil chizig’idan boshlab 60 metr chuqurlikkacha tarqalgan. Harakatsiz, chig’anog’i chap tomoni bilan substratga yopishib yashaydi. Ustritsalar dengiz tubida ko’p qavat bo’lib joylashgan minglab mollyuskalardan iborat “ustrisa bankalari”ni hosil qiladi. Suvni filtrlab oziqlanadi; tanasida og’ir metallar va zaharli moddalarni to’plash xususiyatiga ega. Muskullari yeyiladi. Maxsus dengiz plantasiyalarida (asosan, Yaponiya, Amerika, Frantsiyada) ko’paytiriladi.