Uyg’onish davri, Renessans

Uyg’onish davri, Renessans — Markaziy Osiyo, Eron, Xitoy (12 va 15-asrlar), G’arbiy Yevropada yuz bergan alohida madaniy va tafakkuriy taraqqiyot davri. “Renessans” atamasi dastlab Italiyadagi madaniy-ma’naviy yuksalish (14-16-asrlar)ga nisbatan qo’llanilgan, uni o’rta asrchilik turg’unligidan yangi davrga o’tish bosqichi deb baholaganlar. Renessansning asosiy alomatlari: tafakkurda va ilmu ijodda dogmatizm, jaholat va mutaassiblikni yorib o’tib, insonni ulug’lash, uning iste’dodi, aqliy-fikriy imkoniyatlarini yuzaga chiqarish; antik davr (yunonrum) madaniyatiga qaytib, uni tiklash, boyitish; cherkov sxolastikasidan qutulib, adabiyot va san’atda dunyoviy go’zallik, hayot taronalarini qizg’in kuylash; inson erki, hurfikrlilik uchun kurashish. Buning natijasi o’laroq, ijodiy qudrat va tafakkur kuchini namoyish etadigan ulug’vor badiiy asarlar, salobatli binolar yaratildi, ilm-fan rivojlandi. Italiyada shoir Petrarka va Dante, rassom Jotto, adib va mutafakkirlar Bokkachcho, Ariosto, Tasso, Byome Renessans g’oyalarining jarchilari bo’lib maydonga chiqdilar. Keyinchalik Mikelanjelo, Rafael, Shekspir, Servantes Yevropaning turli mamlakatlarida buni davom ettirdilar. Ammo Renessans, ya’ni Uyg’onish faqat Yevropa hodisasi emas. Dunyo madaniyatini yaxlit olib o’rgangan olimlarning ishlari shuni ko’rsatdiki, Osiyo markazida joylashgan Movarounnaxr, Xuroson va Eronda Italiyaga qaraganda bir necha asr oldin (9— 12-asrlar) ulkan madaniy ko’tarilish yuz bergan, ilm-fan, falsafa, adabiyot kuchli rivojlanib, ilg’or insonparvarlik g’oyalari jamiyat fikrini band etgan, aqliy va ijodiy faollik gurkiragan. Bu davr dunyo ilmida “musulmon Renessansi” (A. Mes) yoki “Sharq uyg’onishi” (N. I. Konrad) nomi bilan atalib kelinmoqda. Sharq Uyg’onish davrida Yevropa Uyg’onish davrining asosiy belgilari mujassam: jo’shqin ijodiy faoliyat, ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilgani, aqlni hayratga soluvchi bemisl asarlarning yaratilgani shundan dalolat beradi. Sharq Uyg’onish davri ham ulug’ allomalar, qomusiy bilim sohiblari, mashhur mutafakkirlarni yetishtirdi. Aniq fanlar sohasida Muhammad Xorazmiy, Abu Bakr Roziy, Abu Rayhon Beruniy, Ahmad al-Farg’oniy, Umar Xayyom, Mirzo Ulug’bek jahonshumul kashfiyotlar qildilar. Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Ibn Rushd, Muhammad G’azoliy, Nasafiy Aziziddinlarning falsafiy asarlari tafakkur xazinasini boyitdi, olam, odam va jamiyat yaxlitlikda tadqiq etilib, yangi qonuniyatlar ochildi, aqliy bilim ufqlari kengaydi, Fozil jamiyat va komil inson nazariyasi chuqur ishlab chiqiddi. She’riyatda Abu Abdullo Rudakiy, Abulalo alMaarriy, Abulqosim Firdavsiy, Jaloliddin Rumiy, Hofiz Sheroziy, Nizomiy Ganjaviy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy kabi daho ijodkorlar yetishib, o’lmas asarlar yaratdilar, ishq-muhabbat, qahramonlik, ozodlik va ezgulikni kuyladilar. Miniatyura rassomchiligida bir necha maktablar shakllandi, bunda Kamoliddin Behzod rasmlari yangi ijodiy yo’nalishga asos soldi. Uyg’onish davrining yana bir belgisi xalq ruhini ifodalaydigan “Ming bir kecha”, “Kalila va Dimna”, “Qirq vazir”, “To’tinoma”, “Sindbodnoma”, “Jome’ul hikoyot” kabi qiziqarli sarguzashtlarga to’la, shavqu zavq qo’zg’atadigan asarlarning ko’paygani, ikkinchi tomondan “Xamsa”larda bo’lganiday, insoniy ideallarni mujassam etgan hikmat va falsafaga boy umumbashariy g’oyalarning tasvirlanishidir. Eron va Markaziy Osiyo xalqlari bir necha ming yillik tsivilizasiya tarixiga ega. Zotan, qadimiyati, qadimgi davlatchiligi bo’lmagan xalqda Uyg’onish davri ham bo’lmaydi. Markaziy Osiyoda 9—13 asrlarda o’z xalqining qadimiyatiga qaytish, Avesto falsafasini Qur’on ma’rifati bilan uyg’unlashtirib, qayta tiklashga intilish tasavvuf ta’limoti, “ishroq” falsafasida namoyon bo’lgan. Shu asosda turli nazariyalar, ta’limotlar yuzaga kelib, fikriy xilma-xillik rivojlandi. Tasavvufiyorifona ta’limotning qaror topishi, tariqatlar ham, aslida, hurfikrlik va inson kamolotiga bo’lgan ishonchning nishonasi edi. Uyg’onish davri vakillari dinga emas, balki dinni sxolastika va jaholat manbaiga aylantirgan kishilarga qarshi kurashganlar. Tafakkurdagi ikki: aqliy (ratsionalizm) va vajdiy (irratsionalizm) yo’nalish namoyandalari zohiran o’zaro kelishmay kelgan bo’lsalarda, amalda Yevropa Uyg’onish davrida bo’lganidek, inson ongini bedor etish, uni aqidaparastlik (taqlidchilik) g’uboridan tozalashda hamkorlik qildilar. Shu bois hurfikrli mutafakkirlar orasida ratsionalist olimlar bilan birga, Orif sufiylar ham bor edi. Sharq Uyg’onish davri vakillari o’z xalqlarining qadimgi madaniyat bilan birga, yunon vahind xalqlari merosidan ham foydalanishgan. Yunon olimlarining asarlari 8-9-asrlarda Arab tiliga tarjima qilishdi, sharhlandi. Aflotun, Arastuni Sharq faylasuflari ham o’z ustozlari deb hisoblashgan, Plotin qarashlari Ibn al-Arabiyga ta’sir etib, “vahdatul vujud” falsafasiga turtki berdi. Biroqyunonlar ko’p fikrlarni qadimgi osiyoliklardan olganlar. Bu tarix qonuniyati; Abu Rayhon Beruniyning “Kitob atTafhim li avoil sinoat at- tanjim” asari qo’lyozmasi (13-asr) yuksalishga shaylangan xalq o’z madaniyati va o’zigacha yaratilgan bashariy yutuqlarni o’zlashtirib, yana yuksaklikka ko’tariladi. Sharq Uyg’onish davri keng ko’lamli: ta’lim va tahlil, madrasa-maorif rivojlangan, ulkan kutubxonalarda yuz minglab jild kitoblar yig’ilgan, “xazinat ulhikma”, “dor ululum”larda tolibi ilmlar, ustoz-shogirdlar suhbati bardavom edi, olimning obro’-e’tibori yuksak qadrlandi. Sharq Uyg’onish davri yutuqlari G’arbiy Yevropadagi Uyg’onish davriga bevosita ta’sir etgan. Chunki 12-14-asrlarda musulmon olami bilan Yevropa davlatlari orasida aloqa kuchaygan edi. Ayniqsa, tutash chegara mamlakatlari: Qurdoba (Ispaniya), Kavkaz, Bolqon yarim orolida bu jarayon kuchli bo’lgan. Yevropaliklar Sharq olimlarining asarlarini lotin, ispan, yahudiy tillariga qilingan tarjimalar orqali yoxud bevosita Arab tilida o’qib o’rganganlar. Ibn Sinoning “Tib qonunlari”, “ashshifo”, Forobiyning “ilmlar tasnifi”, Ahmad Farg’oniyning “samo harakatlari va yulduzlar ilmining jami kitobi”, Muhammad Muso Xorazmiyning “Aljabr val muqobila”, Ibn Rushd, Abu Bakr ro- ziy asarlari tarjima qilinib, keyinchalik nashr etilgan. Algebra, algoritm fanlari Xorazmiy asarlari tufayli shakllangan. “Tib qonunlari” 7 asr mobaynida Yevropa universitetlarida tibbiyot darsligi sifatida xizmat qildi. Ibn Sino shogirdi Ibn Rushd goyalari Italiya, Frantsiya hurfikrligini boshlab bergan. Ibn Sino — Avitsenna, Ibn Rushd — Averroes, Ahmad Farg’oniy — Al Frageni, Abu Bakr Roziy — Al Ramzas, Abu Ma’shar Balxiy — Albumazar degan lotincha nomlar ostida mashhur bo’lgan. “O’sha paytda (13-16-asr) jaholat changalidagi Yevropaning ko’pgina qismida musulmonlar ilm charog’ini yoqdilar…; ispanlar yozuvi ham, Shimoliy oramiy yozuvi ham Osiyodan olingan; shimoliy, g’arbiy va Sharqiy Yevropa madaniyati yunon — Rumo — Arab urug’idan unib chiqqandir” (G.Gerder). Platon, Aristotel asarlari ham Yevropaga dastlab Arabcha tarjima va talqinlar orqali kirib borgan. “Sharqliklar G’arbni Aristotel falsafasi bilan yoritdilar” (Gegel). Aniq fanlar va ularni o’rganish usullarini, dehqonchilik va chorvachilik ilmlari, dengizda suzish, qarbiy texnikani Yevropa sharqdan olib rivojlantirdi. “Matematika, kimyo, tibbiyot sohasida musulmonlarning xizmati buyuk… bu fanlarda musulmonlar yevropaning muallimlari bo’lib qoldilar” (G. Gerder). Yevropa Uyg’onish davri adiblari Dante, Petrarka, Bokkacho Sharq ilm-fani, adabiy asarlaridan ilhomlanganlar. Dante “Bazm”, “ilohiy komediya” asarlarida Ibn Sino va Ibn Rushdni o’z ustozlari qatorida ehtirom bilan tilga oladi. Ahmad Farg’oniy asarlaridan foydalanganini qayd etadi. K. Marloning “Buyuk Temur” dramasida Amir Temur Jasur, xaloskor inson sifatida tasvirlangan. Musiqada ham Uyg’onish davri jarayoniga xos yuksalish dastlab Sharqda yuz berdi. Markaziy Osiyo xalqlarining qadimgi an’analari Arab, hind va fors musiqiy meros asarlari, cholg’ulari bilan o’zaro ta’sir jarayonlari natijasida yanada boyib qaytadan jonlandi. Zero, Forobiy va uning izdoshi Ibn Sino musikaning nazariy, falsafiy va estetik masalalarini atroflicha tadqiq etib, umumsharqiy ta’limotni yaratishgan. Xususan, yaqin va O’rta Sharq xalklari musiqa amaliyotiga tayangan holda, kuy va usullar, qo’llaniladigan sozlar, muayyan shakl va janrlar doirasida mushtaraklik mavjudligini isbotlashgan. Forobiyning “kitob ul musiqa alkabir” (“musiqaga doyr katta kitob”) va, ayniqsa, Ibn Sinoning “Javome’ ilm ulmusiqi” (“musiqaga oid ilmlar to’plami”) kabi asarlarida yunon olimlari (Pifagor, Aristoksen va boshqalar)ning qarashlari boyitilib, tovushlar baland pastligi munosabatlari matematik uslubda ifodalangan. Shuningdek, sof tovushqator tizimi, undan o’rin olgan budlarning muloyimat va munofirat tasnifoti, iyqo nazariyasi ilk bor asoslab berilgan. 12—13-asrlarda ijodiy va aqliy kuchlar rivojini namoyish etgan O’n ikki maqom tizimi yuzaga keldi. Amir Temur (14 asr) va Temuriylar (15-16-asrlar) musiqaning barcha jabhalarida yangi Uyg’onish davri yuzaga kelishini ta’minlab berishdi. Turli mamlakatlardan Samarqand, Buxoro kabi markazlarga keltirilgan san’atkorlar — bastakorlik, musiqa ijrochiligi va musiqashunoslik jadal rivojlanishiga hissa qo’shishgan. Mazkur sohalarda nainki muayyan kasb egalari, balki o’zga badiiy ijod sohiblari, Xususan, Mirzo Ulug’bek, Jomiy, Navoiy, Husayn Boyqaro, Zahiriddin Boburlar ham nom chiqarishgan. Bu davrda mahalliy maqom ijodiyoti va ijrochiligi yuksaldi, og’zaki an’anadagi musiqaning boshqa rivojlangan shakllari (Doston, ashula, cholg’u kuy va boshqalar) keng o’rin egallab, o’zlarining yuqori pallalariga ko’tarildi. Ayni shu jarayon keyinchalik Buxoro Shashmaqomi, Xorazm maqomlari va Farg’ona — Toshkent maqom yo’llari, katta ashulalar shakllanishiga olib keldi. Yevropa musiqasida Uyg’onish davri tamoyillari dastlab 14-asrda tashkil topgan ilg’or yo’nalish — “are Nova” namoyandalari (ayniqsa, Italiyadagi vakillari — F. Landino va boshqalar) ijodida o’z ifodasini topdi. Ular dunyoviy mazmundagi ilk professional vokal musiqa shakllari (ballada, Madrigal, kachcha va boshqalar)ni ijod qilishdi, she’riy matnlar mazmuniga alohida ahamiyat berib ifodali, erkin tuzilishdagi kuylar yaratishdi. Uyg’onish davri cholg’u musiqaning dastlabki mustaqil shakl va janrlari (richerkar, prelyudiya, fantaziya, tokkata) yuzaga keldi, ayniqsa lyutnya, klavesin va klavikord musiqasi keng rivoj topdi. Ijodkorlar va musiqa nazariyotchilarining antik davr badiiy merosiga qiziqishi tufayli yangi janrlar (masalan, yunon tragediyasini “tiklash” jarayonida — opera), ko’p ovozli musiqada polifoniyankng qat’iy uslubi, keyinchalik gomofoniya uslubi qaror topdi. Diniy musiqa janrlari (messa, motet) isloh qilindi, notalar chop etilishi joriy etildi, jonli musiqa amaliyotini umumlashtiruvchi musiqa nazariyasi (Tinktoris, J. Tsarlino) rivoj topdi. Aynan shu davrda muayyan xalqlarda yangi milliy va mahalliy kompozitorlik maktablari paydo bo’ldi: niderland (Dyufai, Y. Okegem, J. Depre), frantsuz (K. Janeken va boshqalar), nemis (G. Fink va boshqalar), ingliz (Dansteybl, U. Byord va boshqalar), ispan (K.de Morales va boshqalar), Rim (Palestrina), Venesiya (A. va J. Gabrieli) va boshqalar. Uyg’onish davrining pirovardida Yevropa kompozitorlik ijodiyotida Sharq mavzu va obrazlariga qiziqish kuchayib, ingliz G. Pereyem va frantsuz J. Ramo umumsharqona ekzotikani ifodalashgan. Bular an’anasi keyinchalik Sohibqiron Amir Temurni bosh qahramon sifatida gavdalantirgan Italiya (A. va D. Skarlattilar, A. Vivaldi va boshqalar), Germaniya (G. Gendel, G. Teleman va boshqalar) mualliflarining operalarida teranlashgan. Uyg’onish davrida teatr san’ati hayot ko’zgusi hisoblanib, ko’pqirrali inson xarakteri, Real voqelik ziddiyatlarini aks ettirishga alohida ahamiyat berdi. Bu davr teatr namoyandalari antik drama tajribalaridan foydalanib xalq tomosha san’ati an’analarini rivojlantirdilar, kundalik hayot zavqshavqini idrok qilishga da’vat etilgan dunyoviy sahna asarlarini yaratishga harakat qildilar (L. Ariosto, A. Polisiano, N. Makiavelli va boshqalar). Ispaniyada Uyg’onish davridagi teatr rivoji M. Servantes va Lope de Vega, Angliyada U. Shekspir ijodi bilan bog’liqdir. Uyg’onish davrida teatr san’ati professional omillari kuchaydi, dramaturgiya va aktyorlik san’ati nazariyasi qaror topdi, ilk teatr binolari qurildi. Uyg’onish davri me’morligi qadimgi an’analarni o’zlashtirib, uni yangi mazmun bilan boyitdi, yangi me’moriy qurilmalar vujudga keldi, ko’p qavatli uylar, yangi qiyofadagi jamoat binolari qad ko’tardi. Binoni tashqi va ichki tomonlarini bezash, kenglikni tashkil etish borasida xam muayyan yutuqlarga erishildi. Bu o’zgarishlar Italiyaning Florentsiya, Piza, Siena, Genuya, Milan, ayniqsa, Venetsiya shaharlarida juda sezilarli bo’ldi. Ulkan binolar, g’oyat katta gumbazli va bir nechta ustunli saroy va ibodatxonalar qurildi, ayniqsa, florentsiyalik me’morlar antik me’morlik an’analari va order tizimidan unumli foydalandi. Bu an’analarni o’rta asr Italiya me’morlik texnikasi yutuqlari, mahalliy qurilish xom ashyolari va konstruktsiyalari bilan uyg’unlashtirib, Renessans me’morligi uslubini yaratdilar. Devor sathi tekisligining yaxlitligiga e’tibor kuchaydi, me’morlik mujassamotining chizikli ritmi va mutanosibligiga, xonaning kengligiga, uning yaxlit va ko’rkamligiga ahamiyat berila boshlandi; turar joy va ibodatxonalar qurilishi ham yangilandi. Shaharning ijtimoiy ma’muriy markazi tarhi va tuzilishi bilan bog’liq bo’lgan yangi tipi paydo bo’ldi. Florentsiyada shakllangan yuksak Uyg’onish davrining mumtoz uslubi Rimaa, keyinroq Venetsiyada monumental yodgorliklar (monumental san’at) yaratilishiga sabab bo’ldi. Yirik me’moriy ansambllar vujudga keldi, “ideal” shaharlarning loyihalari yaratildi. Italiya me’morligida paydo bo’lgan yangi an’analar Uyg’onish davrining buyuk me’morlari ishlarida o’z aksini topdi. Jumladan, Filippo Brunelleski katta gumbazli bino qurish muammosini hal qildi (diametri 42 metr bo’lgan 8 qirrali gumbazli Santamariya del Fore sobori), L. Alberti o’zi yaratgan yangi me’moriy kompozitsiyalarini ilmiy nazariy bayon qilgan “Me’morlik to’g’risida 10 kitob” asari bilan nazariyotchi olim sifatida namoyon bo’ldi. Shu tarzda yuksak Uyg’onish davri me’morligi uslubiga zamin yaratildi. Yuksak Uyg’onish davrining asosiy tamoyillari Rimda shakllandi va rivojlandi, davrning insonparvarlik g’oyalari ulug’vor va hashamatli me’moriy kompozisiyalarda o’z ifodasini topdi. Amaliyotda antik me’moriy orderlar erkin va ijodiy ishlatila boshlandi, me’moriy uslublar birlashtirilib yagona milliy me’morlik uslubi shakllandi. D. Bramante, Rafael, Mikelanjelo va boshqalar murakkab me’moriy majmualarida yuksak mahorat, boy ilm va nazariy fikr, o’tkir tafakkurni namoyon qildilar, badiiy echimining go’zalligi, nisbat va shakllar o’yinining boyligi, kompozitsiya yechimining rang-barangligi insonga zavq bag’ishlaydigan me’moriy makonni yaratdilar. So’nggi Uyg’onish davrida yirik me’moriy inshootlar o’rnini xususiy buyurtmalar kengroq egalladi. Villa, Palasso qurilishi sohasida ko’zga ko’rinarli ishlar qilindi. Bog’park me’morlik uslubi (bog’ tuzish san’ati) shakllandi. Past-balandlikka ega bo’lgan maydonda bog’yaratish muhim ahamiyat kasb etdi: pastbalandliklar bir-biri bilan murakkab zinalar orqali bog’landi, tepalik va qiyaliklar turli bezak qurilmalar (g’or, suv kaskadlari, favvora, haykallar) hamda manzarali o’simliklar bilan bezatildi. Asosiy yo’l, qolgan yo’lka va zinalar darvozaga yo’naltirilgan bo’lib, kompozisiyaning tugal bo’lishini ta’minlagan. Me’moriy nazariy masalalarga e’tibor ortdi. Bunyod etilayotgan binolarni ilmiy asoslashga intilish kuchayib, bir nechta ilmiy asarlar yaratildi. 16-asr o’rtalaridan Italiyada maxsus o’quv yurtlari, akademiyalar tuzildi va ularda me’morlikka oid ta’lim berilishi muhim voqea bo’ldi. Bu esa Yevropa me’morligining keyingi taraqqiyotiga ta’sir ko’rsatdi, me’moriy klassisizm tamoyillarining shakllanishida muhim rol o’ynadi. Uyg’onish davri Italiyadan tashqarida (shartli ravishda “Shimoliy” deb nomlangan) 15-asrda rivojlandi. Gotika an’analarini ijodiy anglagan ustalar ayrim hodisalarni amaliy yo’l bilan o’zlashtirib bordilar. Niderlandiya va Germaniyada Uyg’onish davri me’morligi so’nggi gotikaning taraqqiy etgan davriga to’gri keldi (Antverpendagi ratusha, 1561-65, me’mori K. Floris; Germaniyaning Geydelbergidagi saroy, 1556-59). 16-asr o’rtalarida Frantsiyada antik davrga hamda Italiya Uyg’onish davri me’morligiga asoslangan o’ziga xos me’moriy uslub shakllandi (Shambor qasri, 1519-40, me’mori T. va D. Surdo, P. Nevo va boshqalar). Ispaniya, Chexiya, Polsha, Vengriya Uyg’onish davri me’morligi o’ziga xos milliy xususiyatlarga ega bo’lgan (Pragadagi Belveder yozgi saroyi, 1535— 63, me’mori J. Spasio va boshqalar). Uyg’onish davrining buyuk g’oyalari, ayniqsa, tasviriy san’atda yorqin ifodalandi; hayotga muhabbat, insonga, uning irodasi va aqliga katta ishonch bildirildi. Antik davr merosini ijodiy o’zlashtirgan italyan rassomlari zamonasining ilm-fan yutuqlariga tayanib inson va uni o’rab turgan muhitni haqqoniy aks ettirishga urindilar. Ular san’atni perspektiva, proportsiya, nursoya, ritm, rangshunoslik, hajm, rakurs va hokazolar hamda odam tanasi tuzilishi haqidagi aniq bilimlar bilan boyitdilar, ikonadan kartinaga o’tildi, haykaltaroshlik mustaqil janrga aylandi, freska san’ati yuksaldi. Yangi davrning ilk xususiyatlari 13-14-asrlar rassomlar (rassom Jotto, haykaltarosh N. Pizano) ijodida kuzatildi, 15-asr boshlarida yangi badiiy dunyoqarash rassom Mazachcho, haykaltarosh Donatello ijodida yorqin namoyon bo’ldi. Yuksak Uyg’onish davri Italiya san’atida nisbatan qisqa davrni o’z ichiga oladi, lekin mazmunan juda ulug bo’lib, Italiya san’atining “oltin asri” hisoblanadi. Bu davr Leonardo da Vinchining psixologik ta’sirchan asarlarida, uyg’unlikda ishlangan Rafael polotnolarida, kurash ruhi bilan yo’g’rilgan Mikelanjelo rang-tasvir va haykaltaroshlik asarlarida, Jorjone, Tisianning koloritga boy hayotbaxsh kartinalarida va boshqalarda namoyon bo’ldi. 16-asrning 2-choragidan boshlangan Italiyadagi iqtisodiy va madaniy inqiroz gumanistik g’oyalarning barbod bo’lishi va so’nishini boshlab berdi. Uyg’onish davrining dunyoviy, hayotbaxsh san’ati va madaniyati o’rnini tushkun g’oyalarni ilgari suruvchi tashqi jihatdan yaltiroq, lekin hayotdan, uning muammolaridan uzoq bo’lgan san’at (manerizm) egallay boshladi va keng yoyildi. Uyg’onish davri Italiyadan tashqarida G’arbiy va Markaziy Yevropada 15-asrdan boshlab notekis rivojlandi, individual inson obrazi va uning muhitiga bo’lgan katta qiziqish diqqatga sazovor. 15-asr Niderland rassomlari Ya. Van epk va X. van der Gus, keyinchalik boshqa rassomlar oddiy odamlarni tasvirlashga katta e’tibor berdi. 16-asr 2-yarmi rassomlari (P. Breygel katta) ijodida demokratik an’analar yorqin namoyon bo’ldi. Germaniyada keskin siyosiy va g’oyaviy kurashlar davrida o’tkir ijtimoiy xususiyatga ega bo’lgan grafika va rang-tasvir keng tarqaldi (A. Dyurer, X. Xolbeyn Kichkina va boshqalar). Frantsiyada o’ta uyg’unlashgan dunyoviy mazmundagi Uyg’onish davri rivojlandi, psixologik portretlar va monumental bezak haykaltaroshligi tarqaldi (rassom F. Klue, J. Fuke, haykaltarosh J. Gujon, J. Pilon va boshqalar). Uyg’onish davriga xos xususiyatlar Ispaniya, Chexiya, Polsha va boshqa mamlakatlarda ham namoyon bo’ldi. Uyg’onish davri Yevropa mamlakatlarining madaniy va g’oyaviy hayotida katta ijobiy rol o’ynadi, bu davrda jahon madaniyatining eng nodir va bebaho asarlari yaratildi. Sharqda ham, G’arbda ham Uyg’onish davri insoniyat taraqqiyotining benazir davridir. Uyg’onish davrining ko’p g’oyalarini 18-asr ma’rifatparvarlik vakillari meros qilib oldi. Uyg’onish davri ijodkorlarining ilmiy va adabiy asarlari hozirda ham ma’naviyatimiz yuksalishiga xizmat qilib kelmoqda. Ad.: Mes A., Musulmanskiy Renessans, M., 1966; Xayrullaev M ., Uyg’onish davri va Sharq mutafakkiri, T., 1971; Hayitmetov A., Sharq adabiyotining ijodiy metodi tarixidan [10-15- asrlar], T., 1970; Konrad N . I ., Zapad i Vostok, M., 1992; Sulaymonova F., Sharqu G’arb, T., 1997; Komilov N., Tafakkur karvonlari, T., 1999; Evdokimov Yu., Simakova N., Muzika epoxi Vozrojdeniya M., 1982; Vseobtshaya istoriya arxitekturi, t. 5, M., 1967; Shramkova G., Iskusstvo Vozrojdeniya, M., 1977; G’afurbekov A., Amir Temur obrazi talqinlari: haqiqat va badiyat // Amir Temur: shaxsning zamondoshlari tomonidan baholanishi, T., 1997.