Usuli hijoiya
Usuli hijoiya (Arabcha bo’g’in usuli), bo’g’in usuli — xat-savod o’rgatish usullaridan. Bu usul so’zlarning tovush tarkibiga emas, balki bo’g’in (hijo)lar hosil qilib, ularni yod olishga asoslangan. Usuli hijoiyada so’zdagi undosh tovushlarga tegishli unli tovushlar qo’shilib, hijo hosil qilingan, so’ng hijolar qushib O’qilgan. Usuli hijoiya ta’limda qadimdan qo’llanib kelgan. Miloddan avvalgi asrlardayoq Yunoniston va Rim davlatlarida savod o’rgatish shu usul asosida olib borilgan. O’rta Osiyo, umuman Sharqdagi maktabxonalarda ham Usuli hijoiya uzoq davr hukmronlik qilgan. Maktabxonalarda Usuli hijoiyada savod o’rgatish (harflar nomini yodlash, bug’inlar hosil qilish, bo’g’inlarni qushish) 3 bosqichga bo’lingan: 1-bosqichda Arab harflarining yozilish shakli bandlarga ajratilib yozib borilgan. O’quvchi har bir banddagi harflarni yodlab olgandan so’ng (“alif”, “be”, “te”, “se” tarzida) 2-bosqichga o’tilgan. Bu bosqichda har bir harfning nomi aytilib, unga “zeru zabar” qo’shib bo’g’in hosil qilingan (mas, “be” + “zabar” + “ba”). 3-bosqich abjad uqish bilan boshlangan. Unda bolalar qo’lidagi taxtachaga “abjad”, “havvaz”, “xutti”, “kalaman”, “sa’ufas”, “qarashat”, “saxxaz”, “zag’az” so’zlari yozib borilgan. Bu so’zlarning tarkibida Arab alifbosidagi barcha 28 harf, chunonchi “abjad” so’zida “be”, “jim”, “dol” harflari qatnashgan. Bo’g’in usulida savod o’rgatish qiyin bo’lganligi sababli 19-asrdan uni birmuncha isloh etishga harakat qilindi. Xususan, yangi usuldagi o’zbek maktablarida usuli maddiya (Arabcha — cho’zish usuli)da savod o’rgatish rasm bo’ldi. Bu usulda harflarning nomiga unli tovushlar qo’shilib, cho’zib bo’g’in hosil qilingan. A. Avloniyning “birinchi muallim”, A. Ibodiyevning “Tahsilulalifbo”, M. Faxriddinovning “rahbari avval” darsliklari usuli maddiya asosida tuzilgan. Usuli hijoiyaga nisbatan usuli maddiyaning birmuncha ijobiy tomoni bo’lgan: bola bo’g’inning qanday hosil bo’lishini bir oz bo’lsada, anglagan, shu bo’g’inlar qatnashgan so’zlarni o’qigan. 19-asr oxirlaridan yangi usuldagi maktablarda tovush usuli paydo bo’lib, Usuli hijoiya va usuli maddiyadan afzalligini ko’rsatdi va keyinchalik savod o’rgatishda asosiy usul bo’lib qoldi.