Usta Olim Komilov
Usta Olim Komilov (1875, Marg’ilon — 1953.3.4, Toshkent) — sozanda (doira, nog’ora, chang), milliy kuy, usul va raqslar bilimdoni, pedagog, o’zbek sahnaviy raqs san’atining asoschilaridan. Mehnat Qahramoni (1932), O’zbekiston xalq artisti (1937). Marg’ilonda Masaid otadan doira chalishni o’rgangan. Dastlab Margilon yallachilari, sozandalarga jo’rnavozlik qilib, to’y, sayil, keyinchalik choyxonalarda xizmat qilgan. O’zbek davlat kontsert-etnografik truppasi (1929 yildan O’zbek davlat musiqali teatri, 1939 yildan O’zbek davlat opera va balet teatri) da doirachi; raqs studiyasida dars bergan (1926-43). Usta Olim o’zbek raqs san’ati rivojiga katta hissa qo’shgan. U to’plagan va o’zi yaratgan o’zbek raqsi usullari raqqosalar uchun asosiy qo’llanma bo’lib qoldi. Usta Olim Tamaraxonim va M. Turg’unboyeva kabi raqqosalar ustozidir. Tamaraxonim bilan ijodiy hamkorlikda qadimgi o’zbek raqslarini sahnalashtirgan, ularning ayrimlarini raqqosalar ansambli ijrosiga moslashtirgan (“zang”, “gul o’yin”, “Sadr”, “daromadi gul o’yin” va hokazolar), yangi “pilla”, M. Turg’unboyeva bilan “Paxta”, o’zi “tantana” raqslarini yaratgan. “Farhod va Shirin” (Xurshid pyesasi; V. Uspenskiy, G. Mushel musiqasi), “Gulsara” (K. Yashin, M. Muhamedov; R. Glier) spektakllariga raqslar sahnalashtirgan, “paxta” (N. Roslaves, 1933), “Shohida” (F. Tal, 1939) baletlarini sahnalashtirishda qatnashgan. Usta Olim ijrosidagi xalq doira usullarining ko’pi Il. Akbarov (“Doira usullari”, T., 1952), V. Uspenskiy, E. Romanovskayalar tomonidan yozib olingan. Usta Olimning ijro uslubi zarblar jilvadorligi qamda tembr vositalarining xilmaxilligi bilan ajralib turadi. T. Inog’omov, K. Azimov, A. To’ychiev va boshqa doirachilarga ustozlik qilgan. Moskvada o’tkazilgan milliy teatrlar olimpiadasi (1930), o’zbek san’ati dekadasi (1937) qatnashchisi (dekadada ijro etilgan “sayil va kolxoz to’yi” instsenirovkasining yaratuvchilaridan). Usta Olim doiraning boy ifoda imkoniyatlarini chet mamlakatlarda ham namoyish qilgan. Tamaraxonim va boshqalar bilan birinchi xalqaro raqs festivalida g’oliblikka erishgan (London, 1935) va uning kaftlaridan olingan gips nusxa Angliya muzeyida saqlanadi. Farg’onadagi 1-musiqa maktabi, Toshkent va Marg’ilondagi ko’chalardan biriga Usta Olim nomi berilgan. Ad.: Obidov T., Usta Olim Komilov, T., 1958.