Urgut tumani
Urgut tumani — Samarqand viloyayatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. Viloyatning Janubiy Sharqiy qismida joylashgan. Shimoli Sharqda Zarafshon daryosi orqali Bulung’ur tumani, shimolda Toyloq, shimoli g’arbda va g’arbda Samarqand tumanlari, sharqda Tojikiston Respublikasi, Janubda Qashqadaryo viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 1120,3 km2. Aholisi 335,2 ming kishi (2002). Tumanda bitta shahar (Urgut), 12 qishloq fuqarolari yig’ini (Baxrin, Beshbuloq, Jartepa, Ilonli, Ispanza, Mirzaqishloq, Pochvon, Uramas, Yangiariq, Qoratepa, G’us, Hamza) bor. Markazi — Urgut shahri. Tabiati. Tuman hududi Zarafshon tog’tizmalarining davomi bo’lgan Chaqilikalon va Qoratepa tog’larining yon bag’irlarida, o’rtacha 1000 metr balandlikda joylashgan. Sharqiy, Janubiy va g’arbiy qismlari pastbaland tekislik bo’lib, bir qancha soyliklar bor. Tog’ yon bag’irlari slanes va ohaktosh qoyalaridan iborat, daryo vodiylari tor, chuqur, qirg’oqlari tik. Adirlar g’ovak va bo’sh cho’kindi jinslardan tashkil topgan. Adirlardagi soylarning vodiylari keng. Ohaktosh jinslaridan tuzilgan joylarda torlar (Kiyev tri va boshqalar) bor. Chaqilikalon va Qoratepa tog’lari orasidagi Taxtaqoracha dovoni (1675 metr) orqali Katta O’zbekiston trakti o’tadi. Urgut kuchli seysmik hududlardan biri bo’lib, 7 balli zonaga kiradi. Omonqo’ton yaqinida va Chaqilikalonda marmar, ohaktosh, marganes, mis, volfram va boshqa foydali qazilmalar bor. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi — 1,5°, eng past temperatura -25°, iyulning o’rtacha temperaturasi 24,4°, eng yuqori temperatura 49°. Yillik yog’in 459-500 mm. Yog’inning ko’p qismi qishda (34%) va bahorda (48%) tushadi. Oqqo’rg’on, G’ijduvonsoy, G’ussoy, Urgutsoy, Kamongaronsoy, Qoratepasoy, shuningdek, Darg’om, Yangiariq, yangi Urgut, yangi Qozonariq va boshqa kanallar bor. Tuproqlari, asosan, bo’z tuproq. Qum, shag’al, qo’ng’ir, kashtan tuproqlar ham uchraydi. Tabiiy o’simliklardan qayrag’och, tol, qarag’ay, tog’zarangi, pista, archa, achchiq bodom, bodom, do’lana, na’matak, rovoch, tog’piyozi, zira va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’ri, qobon, quyon, tulki, jayra, tipratikan, har xil ilonlar, echkemar; qushlardan kaklik, mayna, chumchuq, qarg’a, jiblajibon, olashaqshaq, bedana, kaptar, musicha, qaldirg’och, bulbul, qizilishton, so’fito’rg’ay, boyo’g’li, sassiqpopishak, tog’ zog’chasi, bolg’atumshuq, qorayaloq, qarg’alar va boshqalar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, tojik, rus, ukrain, tatar, yahudiy, Ozarbayjon va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aqolining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 300 kishi (2002). Xo’jaligining yetakchi tarmoqlarini qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish va mahalliy sanoat tarmoqlari tashkil etadi. Tumandagi 800 dan ziyod korxonaning 52 tasi o’rta, 261 tasi kichik, 506 tasi mikrofirmalar. Marmarni qayta ishlash, g’isht, shlakbeton plitalar ishlab chiqarish, tamaki fermentasiyasi, meva, go’sht, sutni qayta ishlash, non pishirish, qandolatchilik, har xil yaxna ichimliklar ishlab chiqarish korxonalari bor. Avtomobil, muzlatkich, televizor va radioapparaturalarni ta’mirlash korxonalari ishlab turibdi. Urgut tumanida hunarmandchilik qadimdan rivojlangan. Hunarmandchilik bilan 3500 dan ziyod kishi shug’ullanadi. Urgut tumanida Belgiya bilan hamkorlikdagi “UrgGazKarpet” qo’shma korxonasi, O’zbekiston — Turkiya “UrgANTET yasham”, “Urgut qoplon”, “Urgut Samnegin” gilam ishlab chiqarishga ixtisoslashgan qo’shma korxonalar faoliyat ko’rsatadi. Marmar toshni qayta ishlaydigan “urgut lado marmar”, qurilish buyumlari ishlab chiqaradigan “Samplastik”, tamakini qayta ishlaydigan “UzVAT” qo’shma korxonalari ishlab turibdi. Tuman qishloq xo’jalik tamaki, g’alla, sabzavot, kartoshka, meva, uzum hamda chorvachilik mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashgan. Keyingi yillarda tuman uchun Pastdarg’om tumanida ajratilgan yerda paxta ham ekilmoqda. Tumandagi asosiy texnika ekini — tamaki. Urgut tumani yer fondi 112 ming gektarni tashkil etadi. 9 ming gektar yerga tamaki, 14,8 ming gektar yerga don ekinlari, 1,2 ming gektar yerga kartoshka, 145 gektar yerga sabzavot va poliz ekinlari, 2907 gektar yerga yemxashak ekinlari ekiladi. 1,4 ming gektar yer bog va tokzor bilan band, 46,8 ming gektar yer yaylov. Tuman chorvachiligida qoramolchilik, parrandachilik, pillachilik yetakchi o’rinda. Yetishtiriladigan qishloq xo’jalik mahsulotlarning asosiy qismi fermer va shirkat xo’jaliklari hissasiga to’g’ri keladi. Urgut tumanida 381 fermer, 23 shirkat xo’jaligi faoliyat ko’rsatadi. Chorvachilikda qoramol, qo’y va echki, parranda, yilqi boqiladi. 2003/2004 o’quv yilida 127 umumiy ta’lim maktabi (102,3 ming o’quvchi), 2 maxsus sog’lomlashtirish internati (4,9 ming o’quvchi) faoliyat ko’rsatadi. 70 kutubxona, madaniyat uylari, 21 sport maydoni ishlab turibdi. 8 kasalxona (830 o’rin), 36 qishloq davolash bo’limi, 27 feldsherakusherlik punkti va boshqa tibbiy muassasalarda 488 vrach ishlamoqda. 14 dam olish maskani va yozgi oromgoxlarda viloyat va qo’shni Navoiy viloyatidan kelgan bolalar dam oladilar. 1992 yildan “Chinor” tuman televideniyesi eshittirishlar olib boradi. 1956 yildan “Urgut sadosi” tuman gazetasi nashr qilinadi (adadi 3000).