Umumiy ovqatlanish

Umumiy ovqatlanish – xalq xo’jaligining ilmiy gigienik talablar asosida taomlar tayyorlab sotadigan va iste’molchilarga xizmat ko’rsatadigan sohasi. Umumiy ovqatlanish sohasiga yarim fabrikat oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlaydigan fabrikalar, oshxonalar, restoranlar, choyxonalar, qahvaxonalar, bufetlar, emakxonalar, gazakxonalar va boshqalar kiradi. Ularning ayrimlari iste’molchilarga ish va o’qish joylarida xizmat ko’rsatadi. Ko’pincha ularda iste’molchilarga imtiyozli (ovqat tayyorlash va xizmat ko’rsatish xarajatlarining bir qismini korxona yoki o’quv yurti o’z zimmasiga oladi) xizmat ko’rsatiladi. Ovqatni uyda tayyorlashdan Umumiy ovqatlanish korxonalarida tayyorlashga o’tish jarayonining o’zidayoq mehnatni kooperatsiyalash yuzaga keladi, ilg’or texnologiya va yuqori unumli jihozlarni qo’llash tufayli mehnat unumdorligi bir necha barobar oshadi. Iste’molchilarning ovqat tayyorlash vaqtini tejash imkoniyatini yaratib, bo’sh vaqtni ko’paytirishga xizmat qiladi. Umumiy ovqatlanish korxonalari orasida restoran, kafe, barlar asosiy o’rinni egallaydi. Ularda ovqatlanish bilan birga madaniy dam olish, yubiley, oilaviy, to’y tantanalari va boshqa marosimlar ham o’tkaziladi. Mehmonxonalarda, aeroport, temir yo’l vokzallari, avtobuslar stansiyalari, poyezdlar va teploxodlarda joylashgan Umumiy ovqatlanish shoxobchalari yo’lovchilarga, turistlarga xizmat ko’rsatadi. Umumiy ovqatlanish korxonalarida, albatta, pazandachilik san’ati yetakchi o’rinda turadi. Uzoq asrlar mobaynida O’rta Osiyoda, jumladan, O’zbekistonda, asosan, choyxonalar Umumiy ovqatlanish joyi bo’lib kelgan. 19- asr oxiriga kelib Rossiya imperiyasi O’rta Osiyoni bosib olganidan keyin “Rivera”, “Parij”, “Shimol” (Samarqand), “Regina”, “Buffa”, “Anona” (Toshkent) kabi restoranlarda faqat yuqori tabaqa vakillariga xizmat ko’rsatilgan. 1918 yilda Turkiston temir yo’l ishchi va xizmatchilari uchun Toshkent, Qo’qon, Aris, Xovas va boshqa joylarda ovqatlanish korxonalari ochilgan. Shu yilning oxirida ularning soni 80 taga yetgan. 1923— 24 yillarda mehmonxonalarda oshxonalar, dam olish joylari va bozorlarda qizil choyxonalar va kabobxonalar ochilgan. 30 va keyingi yillarda Umumiy ovqatlanish tizimiga katta e’tibor berildi. Umumiy ovqatlanishni boshqarish va tashkil etish, tarmoqning rivojlanishini, sanitariya holatini yaxshilash, zarur asbob-uskunalar, jihozlar bilan ta’minlash va mahsulot sifatini yaxshilash kabi tadbirlar amalga oshirildi. 80-yillarga kelib O’zbekistonda Umumiy ovqatlanish korxonalarining soni 18802 taga yetdi. Ularda 90,4 ming kishi faoliyat ko’rsatdi. O’zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish jarayonida Umumiy ovqatlanish tarmog’ida xususiylashtirish jarayoni tezlashdi. Korxonalar mulkchilik shakllarini o’zgartirib, aktsiyadorlik, mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga, xususiy korxona, firma va boshqa mulkchilik shakllariga o’tkazildi. Shahar va tuman markazlari, guzarlar, yirik qishloqlarda ko’plab xususiy restoran, kafe, oshxona, deqhon bozorlarida milliy taomlar rastalari va boshqalar faoliyat ko’rsata boshladi. O’zbekistonda 877,3 ming o’ringa ega bo’lgan 17,5 ming Umumiy ovqatlanish korxonalari mavjud. Bularning 0,6 mingtasi davlat, 16,9 mingtasi nodavlat korxonalaridir. Har bir ovqatlanadigan o’ringa 35 kishi, har bir korxonaning xizmat ko’rsatish imkoniyatiga 1428 kishi to’g’ri keladi (2003). Umumiy ovqatlanishning rivojlanishida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 13 Fevraldagi “2003-2006 yillarda chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko’rsatish korxonalari tarmoqlarini rivojlantirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi va boshqa qarorlari muhim rol o’ynadi. Umumiy ovqatlanish korxonalarining ancha qismi “Uzbekbirlashuv”, “Uzbekturizm”, O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni Saqlash vazirligi va boshqalarga qaraydi, kasalxonalar, sanatoriy va dam olish uylariga, maktablar, maktabgacha bolalar muassasalari va boshqalarga xizmat ko’rsatadi. Umumiy ovqatlanishni rivojlantirishning asosiy yo’nalishi ovqatlanish o’rinlari sonini ko’paytirish, yuqori sifatli tayyor mahsulotlar va muzlatilgan taomlar ishlab chiqarish, Umumiy ovqatlanishni xom ashyo mahsulotlari bilan ta’minlashni yaxshi yo’lga qo’yish, taomlar sifati va xizmat ko’rsatish madaniyatini yaxshilash, pazandalik industriyasini rivojlantirish, qo’l mehnatini kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish va hokazolardan iborat. Respublikada Umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyati “savdogar” gazetada, jurnallarda yoritiladi. Ad.: Bozorov N., Shaposhnikov F., Umumiy ovqatlanish sistemasini boshqarishni takomillashtirish, T., 1986; Erbo’taev I., Umumiy ovqatlanish va xiz- mat madaniyati, T., 2000; Ahrorov U., Vakil M. M ., Taom tayyorlash texnologiyasi, T., 2004.