Uyqu

Uyqu — odam va hayvonlarda davriy yuz beradigan fiziologik holat. Bunda fiziologik jarayonlar bir qadar sekinlashadi va organizmning, chunonchi, Markaziy nerv sistemasining ish qobiliyati tiklanishi uchun eng yaxshi sharoitlar yaratiladi. Uyqu har bir insonning zarur hayotiy ehtiyojidir. Inson butun hayotining uchdan biri har kecha-kunduzda davriy kuzatiladigan u. holatida o’tadi. Uyqu vaqtida muskullar tonusi susayadi (uyqudagi odamning ko’p muskullari bo’shashgan bo’ladi), sezuvchanlikning barcha turlari — ko’rish, eshitish, ta’m bilish, hid sezish, teri sezuvchanligi keskin susayadi. Shartsiz va shartli reflekslar tormozlanadi. Qattiq Uyquda nafas uyg’oqlikdagiga nisbatan ancha chuqur, yurak urishi sekin, arterial qon bosimi, to’qimalarga qon kelishi, moddalar almashinuvi, gavda temperaturasi past bo’ladi. Bularning barchasi Uyqu holatida miya bilan bir qatorda hujayralar va to’qimalar hayot faoliyatini ta’minlovchi hamma ichki a’zolarning ham “dam” olishidan dalolat beradi. Ammo Uyqu haqidagi zamonaviy tasavvurlarga ko’ra, Uyqu faqat dam olish emas, balki kun bo’yi olingan turli axborotni qayta ishlash va ertasi kun yana qabul qilish qobiliyatiga erishish uchun qaratilgan jarayondir. Odam asta-sekin uxlaganda nafas olish va yurak ritmi pasayadi, ko’z sekin yumula boshlaydi. Tez uxlab qolganda esa bu harakatlar, odatda, tezlashadi. Asta-sekin uxlab qolish tungi Uyquning 75-80%ini, tez Uyquga ketish esa 20— 25%ini tashkil etadi. Tez va sekin uxlab qolishning navbatlanishi, odatda, sog’lom odamlar uchun xosdir va bunda odam o’zini uyquga qongan hamda bardam his etadi. Tez va sekin uxlash muddatining o’zgarishi, sekin uxlashning etarli darajada chuqur bo’lmasligi, tez uxlash davrida teztez uygonib turish odam nerv sistemasining turli buzilishlariga olib keladi, uning ruxiy va emotsional holatiga ta’sir ko’rsatadi. Normal (fiziologik) Uyquning davriy kecha-kunduzlik va davriy faslli (hayvonlarning yozgi va qishki Uyqusi) turlari va bir necha xil patologik (narkotik, letargik va boshqalar), shuningdek, maxsus ta’sirlar oqibatida yuzaga keladigan gipnotik Uyqu farq qilinadi. Uyquning ko’pincha kuzatiladigan buzilishlariga uyquchanlik (gipersomniya) va uyqusizlik kiradi.