Unsuriy

Unsuriy (taxallusi; asl ism-sharifi Abdulqosim Hasan ibn Ahmad) (970, Balx — 1040, G’azna) — fors-tojik shoiri, qasidaguy, g’azalnavis va dostonnavis. Xususiy muallimlar hamda Balx madrasasida tahsil ko’rgan, zamonaviy barcha ilm- fanlarni egallagan. Dastlab Amir Nasr Sabuktegin, keyin esa Sulton Mahmud saroyida xizmat qilgan, “Malik ushshuaro” unvoniga sazovor bo’lgan. Davlatshoh Samarqandiy Unsuriy devoni 30 ming bayt she’rdan iboratligini yozib qoldirgan. Ammo bizga qadar shoirning mu’jazgina she’riy to’plami yetib kelgan. Bundan tashqari, Unsuriyning maxsus qasidalar devoni borligi haqida ham ma’lumot mavjud. Unsuriy Sharq adabiyotida vasfbahoriya hamda madh qasidalarining eng mumtoz namunalarini yaratgan san’atkordir. Unsuriy xalq og’zaki ijodi asarlari hamda Sharqdagi an’anaviy mavzu va timsollar asosida “Vomiq va Uzro”, “Xingbut va Surxbut”, “Shodbahr va Aynulhayot” singari dostonlar yozgan. Oxirgi ikki masnaviyni, Sulton Mahmud G’aznaviy iltimosiga ko’ra, Beruniy Arab tiliga tarjima qilgan. Ad.: Bertels E. E., Istoriya Persidskotadjikskoy literaturi, M., 1960.