Umaviylar masjidi, Katta masjid

Umaviylar masjidi, Katta masjid — Suriya (Damashq)dagi o’rta asr Arab yirik me’moriy yodgorligi. Alvalid hukmronligi davrida Yupiter ibodatxonasi masjidga moslashtirilib qayta qurilgan (705-715). Umaviylar masjidi ko’p ustunli jozibador shaklda bo’lib, me’moriy bezakka ega dastlabki yodgorliklardan. Masjid keng maydon (385×305) o’rtasida joylashgan, atrofini bozorlar egallagan. Hovli sahnining 4 burchagiga minora o’rnatilgan (ulardan faqat shimoliy Sharqiy qismidagisi saqlangan). Tashqi devori balandligi 14 metrga yaqin. Bosh tarzi devorlari oralig’iga ustungo’sha (pilyastra)lar ishlangan. 2 darvoza jez bilan qoplangan. Masjid hovlisi 3 tomondan galereyali peshayvon bilan o’ralgan. Janubdan xonaqoh (132×37 metr) tutashgan. Milodiy 1-asrdagi bazilika xonaqoh uchun moslashtirilgan. Bosh tarzi 3 nef (ravoq)li, har bir nef balandligi 15 metr, ulardagi ravoqlar qator qilib terilgan marmar ustunlarga tayangan. Tepasidagi mayda ravoqchalar bezak sifatida qo’llanilgan. Tomi 2 nishabli, to’sinli. Ustunlar asosi marmardan, kallagiga tilla hal yurgizilgan. Devorlari va shipiga koshinkori naqshlar bilan bog’ va saroylar tasviri tushirilgan. Umaviylar masjidi yong’indan keyin qayta qurilgan (1893). Janubiy Sharqiy burchagiga minora o’rnatilgan (1340), Janubi g’arbidagi minora tepasiga qafasa ishlangan (1488). Hovlida tomi gumbazli, 8 qirrali, ustunli 3 ta ko’shk o’rnatilgan, g’arbida xazinaxona (778), markazida hovuz saqlangan. Umaviylar masjidi keyingi davr Suriya va boshqa mamlakatlar me’moriy rivojiga ta’sir ko’rsatgan yodgorliklardan.