Seksologiya

Seksologiya — insonning jinsiy hayoti fiziologiyasini urganadigan fan; jinsiy hayot to’g’risidagi bilimlar va ilmiy tadqiqotlar sohasi. Seksologiyaga oid dastlabki bilimlar qadimgi afsonalar va qadimiy tibbiyotda ham bo’lgan. Jinsni ob’yektiv o’rganish Yevropada Uyg’onish davrida boshlangan. Turli tadqiqotlar majmui — biologiya, tibbiyot, ijtimoiy-tarixiy va psixologik yo’nalishlarni o’z ichiga olgan hozirgi zamon Seksologiyasi 40-yillarning o’rtalarida shakllandi. Seksologiya muammolari bilan turli soha mutaxassislari: psixiatrlar, psixologlar, sosiologlar, biologlar va boshqalar shug’ullanadilar. Hozirgi Seksologiyaning biologik-tabiiy yo’nalishi jinsning biologik asoslarini o’rganadi; bunda jinsning shakllanishida biologik va madaniy-ijtimoiy omillar mutanosibligi (psixoseksual o’zgarishlarni aniklash va bartaraf etishda amaliy ahamiyati bor), turli jinsiy belgilar, jumladan, jinsiy gormonlarning erkaklar va ayollar psixikasi va xulq-atvoriga ta’siri, jinsiy funktsiyalar (seksual o’zgarishlarning diagnostikasi va davosi uchun asos bo’ladi) tadqiq qilinadi. Tadqiqotlarning ijtimoiy-tarixiy yo’nalishi erkaklar va ayollarning ijtimoiy funktsiyalari va faoliyat shakllarining o’ziga xosligini o’rganadi; yosh, kasb-hunar, sinf, region, millat va shu kabilarga bog’liq jinsiy xulq-atvor va ma’naviy an’analar haqida ma’lumot to’playdi va umumlashtiradi; jinsiy xulq-atvor me’yorlarining tarixiy avolyutsiyasini aniqlaydi, jinsiy tarbiya va ma’rifat usullarining ta’sirchanligini tekshiradi. Seksologiyaning psixologik yo’nalishi yoshga qarab bo’ladigan seksual xususiyatlarni, jumladan, o’smirlar va yoshlar seksual holatini, jinsiy atvorining individual xususiyatlarini va u bilan bog’liq sezgi hayajonlarni (sezgierotik va ma’naviy axloq komponentlarini), shuningdek, seksual holatning ijtimoiypsixologik hamda solishtirma psixologik masalalarini o’rganadi.