Lamarkizm

Lamarkizm — organik olam evolyusiyasi to’g’risidagi dastlabki to’liq ta’limot. Unga J.B.Lamark asos solgan. Lamarkizmda organik dunyo taraqqiyoti tabiiy qonuniyatlar, ya’ni tabiiy sababli bog’lanish asosida boradi, lekin bu qonunlar Xudo tomonidan muayyan bir maqsadga erishish uchun yaratilgan umumiy qonuniyatga buysunadi, deyiladi. Lamarkizm ta’limoti bo’yicha oliy yaratuvchi inert materiyaning harakati va ular qonuniyatlarini boshqaruvchisi hisoblanadi; hayotning tuban formalari o’z-o’zidan paydo bo’lgan va hozir ham paydo bo’lib turadi. Organizmlarning bundan keyingi rivojlanishi gradatsiya, ya’ni pog’onama-pog’ona murakkablashuv orqali borgan. Lamarkizm evolyutsion jarayonning tabiiy sabablarini ochib berolmaydi; organizmlarning progressga ichki intilishi evolyutsiyaning harakatlantiruvchi kuchlari deb tushuntiradi. Lamarkizmning uqtirishicha, tabiiy muhitning uzluksiz ta’siri organizmlarda adekvat moslanishlarni paydo qiladi va gradatsiyaning buzilishiga, ya’ni yangi turlar hosil bo’lishiga olib keladi. Lamarkizmning ko’rsatishicha, o’simliklar sharoit o’zgarishini moddalar o’zgarishi orqali sezadi; hayvonlarda esa dastlab talab o’zgaradi; bu esa, o’z navbatida, organlardan foydalanishning o’zgarishiga olib keladi. Organlarning muntazam ishlatilishi ularning kuchli rivojlanishiga, ishlatilmasligi esa ularning yo’qolishiga sabab bo’ladi. Bu o’zgarishlar irsiylanadi. Keyingi tekshirishlarda organizmlar hayoti davomida tashqi muhit ta’sirida sodir bo’ladigan o’zgarishlar irsiylanmasligi ma’lum bo’ldi. Evolyutsion jarayon va uning harakatlantiruvchi kuchlarini Lamarkizm idealistik nuqtai nazardan hal etgan bo’lsada, undagi turlarning o’zgarishi, progressiv evolyutsiya to’g’risidagi fikrlar birinchi izchil evolyutsion kontseptsiya sifatida katta ahamiyatga ega.