Laqay, loqay
Laqay, loqay — o’zbeklar tarkibiga kirgan elatlardan biri. Laqay, asosan, Buxoro xonligining Hisor va Baljuvon bekliklari hududlarida, ayrim guruhlari hozirgi Surxondaryo viloyatining Denov, Tojikistonning Somoniyon, Kofarnihon, Hisor tumanlari, Xatlon viloyatining Qo’rg’ontepa va Ko’lob mintaqalarida muqim aholi sifatida istiqomat qilishadi. Laqaylar Afg’onistonning Bag’lon va Balx viloyatlarida, Pokistonning Karochi shahri, Saudiya Arabistonidagi Makka, Madina, Jidda shaharlarida, Turkiyaning Antakiya, Istanbul mintaqalarida, Eronning Tehron viloyatidagi qizil Hisor, Sheroz, Zohidon, Kermon, Qazvin va Ho’rmuzgon viloyatlarida yashaydilar. Taxminiy ma’lumotga ko’ra, umumiy soni 500 ming kishidan ortiq. 20-asr boshlarida Hisor bekligida Laqaylar Hisor Laqaylari (esanxo’ja, bodroqli urug’lari), Baljuvon bekligida yashovchilarni Baljuvon Laqaylari (bayram, to’rtuvul urug’lari) (hozirgi Ko’lob Laqaylari) deb atalgan. Bu urug’larning har biri, o’z navbatida, yana bir qancha kichik urug’ (bo’lak)larga bo’lingan. Laqaylar xam o’zbek xalqini tashkil etgan boshqa elatlar singari hozirgi yashab turgan hududlarda shakllanib rivojlangan. Laqaylar chorvachilik, yilqichilik bilan shug’ullangan. Laqay ot zoti va hisori qo’ylar Markaziy Osiyoda mashhur. Boy xo’jaliklarda 300-400, ayrimlarida 900-1000 yilqi bo’lgan. 19-asr oxirlarida o’troqlashish jarayonida dehqonchilik bilan shug’ullanishgan. Laqaylar o’ziga xos urf-odat va an’analarga ega. Laqay qizlari tikadigan mapremech, Juk charig’ich, aynaxalta, keshte va boshqalar shunga o’xshash milliy madaniyat namunalari mashhur. Ayniqsa, Laqaylarda tikiladigan torlama va bostirma taqiyalar, ya’ni milliy bosh kiyimlar, o’ziga xos milliy madaniyat namunalari sifatida ajralib turadi. Ad.: Malliskiy N. G., Uchebnoe posobie po geografii Tadjikistana, T. —Samarqand, 1929; Karmisheva B. X., Uzbeki-lokaytsi Yujnogo Tadjikistana, Stalinabad, 1954. Nasriddin Mamanaza- rov.