Lag’mon zoli zard

Lag’mon zoli zard — Vaxsh vodiysi (Tojikiston)dagi shahar xarobasi (milodiy 3-4-asr -1221). Vaxsh daryosining so’l qirg’og’idagi uzun qishlog’i yaqinida, Qo’rg’ontepa shahridan 23 kilometr masofada joylashgan. O’rta asrlarda Halovard deb atalgan. Lag’monning umumiy maydoni shahar atrofi bilan birgalikda 100 gektarni tashkil etadi. Shahar mudofaa devorlari bilan o’ralgan, kuzatuv minoralariga ega 4 darvozasi bo’lgan. Shaharning ayrim qismlari 2 qator devor bilan o’rab olingan. Lag’mon o’rnidagi dastlabki manzilgoh milodiy 3-4-asrlarda vujudga kelgan. Ilk o’rta asrlarda Vaxsh viloyati markazi Halovard Kofirqal’a sh. xarobasi o’rnida bo’lgan. Arablar istilosi arafasida bu erda buddizmga e’tiqod qilgan turkiy sulola hukmronlik qilgan. Arablar Halovardni egallab, uni vayron etishgach, viloyat markazi 12 kilometr shimoli- g’arbda joylashgan Lag’mon o’rniga ko’chgan. Shahar o’zining eski nomini saqlab qolgan. Arablar istilosidan so’ng u katta shaharga aylangan. 10-13-asr boshlarida ravnaq topgan. Shahardagi deyarli barcha binolar pishiq g’ishtdan ishlangan, ko’cha va maydonlarga esa shag’al (mayda tosh) yotqizilgan. O’rta asrlarda bu erda Vaxsh viloyatining zarbxonasi joylashgan. Shahar 1221 yil Chingizxon qo’shinlari tomonidan vayron qilingan. Ad:. Kamaliddinov Sh. S, Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toxaristana po araboyazichnim istochnikam IX — nachala XIII vv., T., 1996.