Latishlar
Latishlar (o’zlarini latvieshi deb ataydilar) — xalq. Latviya Respublikasining asosiy aholisi (1390 ming kishi, 1990-yillar o’rtalari). Rossiyada (47 ming kishi), shuningdek, Litva, Estoniya, Belorussiya, AQSh, Kanada, Shvesiya va Avstraliyada ham yashaydilar. Umumiy soni 1,54 million kishi (1990-yillar o’rtalari). Yevropeoid irqiga mansub. Latish tilida so’zlashadilar. Dindorlari, asosan, xristian protestantlar, Latgaliyada esa xristian katoliklar. Latishlar etnogenezi tili va madaniyati litvalarga juda yaqin. Latishlarning ajdodlari Latviya hududiga miloddan avvalgi 3-2-ming yillikda kelib joylashgan Boltiq qabilalari hisoblanadi. Milodiy 1-ming yillik boshida Boltiq dengizi bo’yida madaniy jiqatdan qardosh qabilalarning etnik uyushuvi sodir bo’lgan. Milodiy 1-ming yillik oxiri — 2-ming yillik boshlarida Latishlarda ilk mulkdorlik munosabatlari vujudga kelib, yagona latish elati shakllana boshlagan. Bu jarayon 12-asr oxiri — 13-asr boshida nemis — salibchilarining Latishlar yeriga bostirib kirishi natijasida to’xtab qolgan. 16-17-asrlarda Latviyaning bir qismi Rech Pospolita va Shvetsiya o’rtasida taqsimlangan. 1525 yil latish tilida ilk kitob nashr etilgan. 19- asr o’rtalarida latish millati shakllangan. Latishlarning an’anaviy mashg’ulotlari — dehqonchilik va chorvachilik, dengiz bo’yida — baliqchilik, to’qimachilik, temirchilik, kulolchilik, yog’ochni qayta ishlash sanoati rivojlangan.