Litsenziya

Litsenziya (lotincha licentia — ruxsatnoma, huquq) — 1) vakolatli davlat organlari tashqi savdo harakatlarini olib borish uchun beradigan ruxsatnoma. Eksport va importni, valyuta sarflarini nazorat qilish usullaridan biri. Odatda, 1 yilga beriladi; 2) texnikaviy, iqtisodiy, ilmiy yangiliklar egasining ularni ishlatish uchun shartnoma asosida beradigan ruxsati. Odatda, Litsenziya patent olingan yoki patent olish uchun talabnoma berilgan ixtirolarga nisbatan qo’llaniladi. Ammo ixtirolarga, texnika yangiliklariga, ishlab chiqarish tajribasi, ishlab chiqarish sirlari, tijorat axborotlari uchun patentsiz ham berilishi mumkin. Litsenziya beruvchi litsenziar, Litsenziya oluvchi Lisenziat deb yuritiladi. Yangi texnika va texnologiyaga oid Litsenziyalar 3 xil bo’ladi: oddiy Litsenziya — litsenziar ixtirodan shartnomada belgilangan doirada foydalanish huquqiga ega bo’ladi, ayni bir Litsenziyani ma’lum hudud doirasida faqat bir emas, balki bir necha lisenziatga bera oladi; maxsus Litsenziya — lisenziat ixtiro, texnika yoki texnologiyani ishlatishga tanho huqukli bo’ladi, litsenziar esa uni shu hududda ko’llay olmaydi va o’z nomidan boshqalarga sota olmaydi; to’liq Litsenziya — bunda Litsenziya ob’yektini ishlatish to’la-to’kis lisenziatlar qo’liga beriladi, Litsenziar esa undan mustaqil foydalana olmaydi. Bunday qoida Litsenziya berilgan muddat ichida amal qiladi. Litsenziya muayyan narxda sotiladi. Litsenziya haqi shartnoma muddati davomida Litsenziya bo’yicha ishlab chiqarilgan mahsulotni sotishdan olingan mukofot shaklida to’lanadi (royalti). Bir necha bor to’langan royalti yig’indisi Litsenziya narxini tashkil etadi. Litsenziya haqi uni qo’llab, iqtisodiy samara olishdan ilgari, bir yo’la to’lansa paushal to’lovi deb yuritiladi. Litsenziya narxi Litsenziyani qo’llashdan olinadigan qo’shimcha foyda bilan birga Litsenziya bozoridagi talab va taklifga ham bog’liq. Litsenziya narxining past bo’lishi texnik-texnologik yangiliklarni ommalashtirish sharti hisoblanadi. Shuningdek, Litsenziyaning vakolatli davlat organlari beradigan savdo, hayvonlarni ovlash, muayyan faoliyat bilan shug’ullanish, bank harakatlarini olib borish va boshqalar ko’rinishlari uchraydi. Qodirjon Yusupov.