Leypsig
Leypsig — Germaniyadagi shahar, Saksoniya yerida. Playse daryosining Vayse-Elster daryosiga quyilish yerida joylashgan. Mamlakatning muhim sanoat, savdo, ilmiy va madaniy markazlaridan. Transport yo’llari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Aholisi 490 ming kishi (1999). Shahar qo’lyozmalarda ilk bor 1015 yilda tilga olingan. Leypsig o’rnida qadimda slavyanlarning Lipsk qishlog’i bo’lgan. 12-asrdan shahar huquqini olgan. O’rta asrlarda Saksoniyaning eng yirik shaharlaridan biri edi. Shahar atrofida ko’p tarixiy janglar bo’lib o’tgan. 2-jahon urushi davrida shahar katta talofot ko’rgan. Yetakchi sanoat tarmog’i — mashinasozlik. Metallurgiya va kon uskunalari, yuk ortish va transport vositalari zavodi, qishloq xo’jalik va to’qimachilik mashinasozligi, stanoksozlik, oziq-ovqat va poligrafiya sanoati uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi korxonalar bor. Plastmassa, rezina buyumlar, lok-bo’yoq ishlab chiqariladi. Gilam to’qiladi. Leypsig poligrafiya va mo’yna sanoati bilan ham mashhur. Qadimdan nashriyotchilik ishlarining yirik markazi. Har yili xalqaro savdo yarmarkalari, qisqa metrajli va hujjatli filmlar kinofestivallari, mo’yna auktsionlari o’tkaziladi. Universitet (1409), musiqa, teatr, adabiyot, kitob grafikasi va san’ati, jismoniy tarbiya, pedagogika va boshqa oliy o’quv yurtlari, kutubxonalar, tasviriy san’at, shahar tarixi, etnografiya, badiiy hunarmandchilik, kitob va shrift muzeylari, opera va drama teatrlari bor. Me’moriy yodgorliklaridan cherkovlar (13-16-asrlar), eski ratusha (16-asr), universitet binosi, opera teatri binosi, yarmarkalar uyi, “shtadt Leyptsig” mehmonxonasi va boshqalar mavjud.