Lokomobil
Lokomobil (lotincha locus — joy va mobilis — harakatlanuvchi) — elektr tok generatorini harakatga keltirish, korxonalarda ba’zi texnologik jarayonlarni bug’ bilan ta’minlash uchun mo’ljallangan bug’-kuch qurilmasi. U bug’ qozoni, bug’ mashinasi va yordamchi qurilmalardan iborat. Lokomobilning ko’chma (g’ildirakli) va muqim (stasionar) xillari bor. Ko’chma Lokomobilni istalgan joyga sudrab yurib ishlatsa bo’ladi; muqim Lokomobil xonaga o’rnatib qo’yiladi. Muqim Lokomobil ko’chma Lokomobildan bug’ qozonining tuzilishi bilan farq qiladi. Muqim Lokomobil bug’ qozonining o’txonasi dumaloq shaklda, o’tquvuri surilma qilib yasalgan. Bug’ mashinasi ko’chma Lokomobil bug’mashinasidan ancha quvvatliroq (muqim Lokomobilda — 125-800 ot kuchi, Kuchma Lokomobilda — 12-75 ot kuchi). Ko’chma Lokomobilning bug’qozoni huddi parovoz bug’qozoniga o’xshaydi. Lokomobil o’t xonasiga mahalliy yoqilg’i-qipiq, o’tin, torf, gaz, ko’mir va boshqalar yoqish mumkin. Lokomobil markazlashtirilgan tarzda elektr energiyasi bilan ta’minlanmagan joylarda, asosan, mayda sanoat korxonalarida, texnologiya ehtiyojlari uchun bug’talab qilinadigan korxonalarda qo’l keladi. Lokomobil 19-asr 2-yarmida ixtiro qilingan va 20-asr 60-yillarida ishlab chiqarish to’xtatilgan, lekin ayrim joylarda hozir ham ishlatiladi. Masalan, Toshkent yengil sanoat va to’qimachilik institutining issiqlik texnikasi kafedrasida shunday Lokomobil hozir ham bor va undan o’quv maqsadlarida foydalaniladi.