Lingvistik tipologiya

Lingvistik tipologiya (Yunoncha typos — nusxa, Andoza, shakl, iz va logos — so’z, ta’limot) — tillar o’rtasida genetik munosabatlardan qat’i nazar, ularning tuzilmaviy va funktsional xususiyatlarini qiyosiy o’rganuvchi tilshunoslik sohasi. Ilmiy jihatdan Lingvistik tipologiya tillardagi farqli va o’xshash alomatlarni guruhlarga, andozalarga va tiplarga ajratish yo’li bilan tatbiq etish metodi hisoblanadi. Vazifasiga kura, funktsional (ijtimoiy tilshunoslik) va sturuktural (tilning ichki qurilishi va tarkibi) tipologiya farqlanadi. Tillarning morfologik (tipologik) tasnifi amorf (affikslari bulmagan), agglyutinativ, flektiv, polisintetik tillarni ularning grammatik shakli (tipi) asosida farqlaydi. Lingvistik tipologiya esa bu tillar guruhlaridagi alomatlarni kategoriyalar yoki turli tuzilmaviy belgilarning leksik-semanik, fonologik, Grammatik va stilistik satxlardagi ifodalanishi sifatida tadqiq etadi va, binobarin, tilning har bir sathiga xos tipologiya farqlanadi. Til tiplarining rivojlanishi va qadimgi tillarni rekonstruktsiya qilish tarixiy tipologiyaning vazifasidir. Bu tipologiyaning ichida (ba’zan unga ma’nodosh qo’llanuvchi) diaxronik tipologiya tillardagi tuzilmaviy o’zgarishlarni o’rganadi. Tillarning hozirgi holatini qiyoslash sinxronik tipologiya ga tegishlidir. Lingvistik tipologiya keng miqyosda tillar universaliyalari bilan bog’lanadi. Lingvistik tipologiya tillardagi xususiyatlarning sturuktural qonuniyatlarini topishga intilsa, til universaliyalari bu alomatlar jahondagi qaysi tillarda qanday tarqalganini o’rganadi. Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug’atayn” asari Lingvistik tipologiyaga tegishli bo’lib, unda genetik jihatdan bir-biridan farqlanuvchi tillardagi semantika, qisman fonetika qiyoslangan. Hozirgi davrda ikki yoki undan ortiq tillarni o’rganuvchi qiyosiy yoki chog’ishtirma tilshunoslik ham Lingvistik tipologiyaga asoslangan. Abduzuhur Abduazizov.