Leshchina, o’rmon yong’og’i

Leshchina, o’rmon yong’og’i (Corylus) — qayindoshlar oilasiga mansub daraxt; barg to’kuvchi butalar turkumi. Yevropa, Osiyo va shimoliy Amerikaning o’rmon zonalarida 20 turi ma’lum. Oddiy turi — o’rmon yong’og’i (C.avellana) ko’p tarqalgan. Uzoq Sharqda Manjuriya Leshchinasi (S. mandshurica), turli bargli Leshchina (S. heterophylla) uchraydi. Kavkazda oddiy turidan tashqari daraxtsimon Leshchina, Kolxida Leshchinasi (C.colchica), Pontiy Leshchinasi (S. pontica) turlari o’sadi. Kavkaz va Qrimda yirik funduk yoki Lombard yong’og’i (S. maxima) ekiladi. Leshchinadan ihota o’rmonzorlari barpo etiladi. Bo’yi 2-5 metr (gohida 8 metr)gacha bo’ladi. Guli ikki jinsli; otaliqlari ko’chalaga, onaliklari ikki gulli to’pgulga yig’ilgan. Mevasi — bir uyali, bir urug’li yong’oq. Nam va unumdor tuproqlarda, ayniqsa, sur o’rmon va qora tuproqlarda yaxshi o’sadi. Issiqqa va namlikka talabchan. Daraxti ekilgandan so’ng 5-6 yili hosilga kiradi. Bir tupidan 8 kilogrammgacha yong’oq olinadi. Yong’oq tarkibida 60-70% moy mavjud. Urug’idan, bachki novdalaridan, parxish qilib ko’paytiriladi. 80 yildan ko’p yashaydi. Abdushukur Xonazarov.