Ligustra

Ligustra (Ligustrum) — zaytundoshlar oilasiga mansub buta va pakana daraxtlar turkumi. 35 (ba’zi ma’lumotlarda 50) turi bor. Ko’pchiligi Osiyoning tropik va subtropik qismida usadi. Oddiy Ligustra (L.vulgaris) O’rta Osiyoda o’stiriladi. Bo’yi 2-5 metr, barglari oddiy, qisqa bandli, yaltiroq, cho’ziq yoki nashtarsimon, novdada qarama-qarshi joylashgan. Guli ikki jinsli, oq yoki sarg’ish tusda, shakli voronkasimon, gulbargi 4 ta. Mevasi qora yoki to’q ko’k, rezavor. May—iyunda gullab, avgust — sentabrda meva tugadi. Ligustra manzarali o’simlik. Ko’pchilik mamlakatlarda, jumladan, O’zbekistonda ham, asosan, yashil devor hosil qilish uchun ekiladi.