Lint

Lint (inglizcha lint), momiq — jinlangan (tolasi ajratilgan) chigitda qolgan kalta tola. O’rta tolali g’o’za chigitida (selektsion navi va paxtasining sanoat naviga ko’ra) dastlabki vaznining 11-17% miqdorida, uzun tolali g’o’za chigitida esa 2,4—5,0% miqdorida kalta tolalar bo’ladi. Paxta tozalash zavodlarida Lint maxsus arrali linter (momiq ajratgich) mashinalarda ajratib olinadi va bu jarayon linterlash deb ataladi. O’rta tolali g’o’za chigitlari 1 -2 marta linterlanadi va jami ajratilgan tola 3,8—6,3%ga boradi, uzun tolali g’o’za chigitlaridan 1 marta Lint ajratib olinadi. 1997 yildan chigitdan 2 marta Lint ajratish texnologiyasi qabul qilingan (birinchisida 2,7—4,2%, ikkinchisida 1,2—2,3% Lint olinadi). Lint shtapel uzunligiga ko’ra, A (uzunligi 6-7 millimetr va undan ortiq), B (6-7 millimetrdan kam) tiplarga bo’linadi. Yetilgan Lintda 90% gacha tsellyuloza, shuningdek, pektin, pektozanlar, moy-mumli, azotli moddalar va oqsillar bo’ladi. Tsellyuloza, sun’iy tola, plastmassa, plyonka, lok, portlovchi modsalar va boshqalar tayyorlash uchun ishlatiladi. Tabiiy holda undan noto’qima mato, momiq, paxta, vatin va boshqalar ishlab chiqariladi.