Lion

Lion — Frantsiyadagi shahar. Rona departamentining ma’muriy markazi va Lionne tarixiy viloyatining bosh shahri. Rona va Sena daryolarining quyilish joyidagi port. Temir yo’l va avtomobil yo’llari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Aholisi 453,1 ming kishi (1999). Lion qadimda gallar manzilgohi sifatida yuzaga kelgan. Miloddan avvalgi 43 yildan Rimliklar koloniyasi, 5-6-asrlarda Burgundiya qirolligi poytaxti. 6-asrda franklar tomonidan ishg’ol qilingan, 11 —13-asrlarda “Muqaddas Rim imperiyasi” tarkibida bo’lgan. 14-asrda Lion Frantsiya qiroli mulkiga o’tgan va Kommuna maqomini olgan. 1942 yilda nemis fashistlari bosib olgan. 1944 yilda ulardan ozod qilingan. Lion — mamlakatning muhim sanoat, savdo, moliya va madaniy markazi. Asosiy sanoat tarmoqlari — mashinasozlik va stanoksozlik; elektrotexnika, to’qimachilik, kimyo (mineral o’g’itlar, bo’yoq, sintetik kauchuk, plastmassa ishlab chiqarish, farmasevtika) sanoati korxonalari mavjud. Shahar chetida neftni qayta ishlash zavodi qurilgan. Ipakchilik va ipak matolar, trikotaj va bo’yoqlar ishlab chiqarishning Yevropadagi qadimgi markazlaridan (15-asrdan). Universitetlar, muzeylar, jumladan, tarix, arxeologiya, matolar muzeylari, qadimgi Rim davri teatri bor. Metropoliten qurilgan. 15-18-asrlarga oid me’moriy yodgorliklari saqlangan. Har yili Yevropa savdo-moliya yarmarkalari o’tkaziladi (15-asrdan).