Valliy tili, Uels, kimr tili

Valliy tili, Uels, kimr tili — Buyuk Britaniyaning Uels yarim orolidagi valliylar tili. Hind-Yevropa tillari oilasining kelt guruhiga mansub. Bu tilda 900 mingga yaqin kishi gaplashadi (1990-yillar o’rtalari). Valliy tili 5-6-asrlardan shakllana boshlagan. Tarixi 3 davrga bo’linadi: qadimgi (8-11-asrlar); o’rta (12— 14-asrlar); yangi (15-asrdan). Hozirgi Valliy tili 4 dialektga ega: 1) gvined (shimoliy-g’arbiy); 2) Pouis (shimoliy-Sharqiy, Markaziy); 3) dived (Janubiy-g’arbiy) va 4) Gvinet (Janubiy- Sharqiy). Adabiy Valliy tili Janubiy va Markaziy dialektlar asosida yuzaga kelgan. Valliy tili uchun so’zda unlilar qorishiqligi, undoshlarning galma-gal kelishi xosdir. Fe’llar tizimi ancha rivojlangan, nomlar tizimi esa sodda. Hozirgi vaqtda eski sintetik shaklni yangi, analitik shaklga aylanish jarayoni ketmoqda. Lug’at tarkibida metin tilidan o’zlashgan so’zlar ko’p. Valliy tili 20-asr 50-60-yillaridan Uels hududida rasmiy til mavqeiga ega bo’ldi (davriy matbuot, kitoblar shu tilda chiqadi, universitetda o’qitish ham olib boriladi). Yozuvi lotin grafikasi asosida.