Valixo’jayev Botir

Valixo’jayev Botir (1932. 1. 4, Samarqand) — adabiyotshunos. O’zbekistan Fanlar Akademiyasi akademik (2000), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1982), professor (1971). Samarqand davlat universitetining Filologiya fakultetini bitirgan (1953), shu universitetda o’qituvchi (1956-63), fakultet dekanining o’rinbosari (1964-69), dekan (1971-73, 1986-88), tojik tili va adabiyoti kafedrasi (1974— 85), o’zbek adabiyoti tarixi kafedrasi (1985 yildan) mudiri, prorektor (1990 yildan). Valixo’jayev ilmiy ishlari adabiyot tarixi, adabiyotshunoslik, adabiy aloqalar, tasavvuf va uning namoyandalari, Samarqand adabiy va ilmiy muhiti tarixi, Ibn Sino, Nizomiy, Jomiy, Navoiy kabi olim va mumtoz shoirlarning ijodiga bag’ishlangan. “O’zbekistan adabiy-tanqidiy qarashlari tarixidan” (1960), “O’zbek epik poeziyasi tarixidan” (1974), “Navoiy ijodi — Ilhom manbai” (1991), “Xoja Ahror Vali” (1993), “Xoja Ahror tarixi” (1994) kabi ilmiy asarlar va bir necha o’quv qo’llanmalar muallifi. Valixo’jayev asarlari Rossiya, Afg’oniston, Turkiya va Eronda nashr etilgan.