Valyuta
Valyuta (italyancha valuta, lotincha Valere — qadrlanmoq, qiymat) — 1) mamlakatning pul birligi va uning turi (oltin, kumush, qog’oz); 2) chet mamlakatlarning xalqaro muomalada qo’llanuvchi pullari, shuningdek shu mamlakatlarning pul birligida ifodalangan va xalqaro hisob-kitoblarda foydalaniladigan kredit va to’lov hujjatlari (veksellar, cheklar, banknotlar va boshqalar). 19-asrgacha ko’pchilik mamlakatlarda kumush Valyuta yoki bimetalizm pul tizimi keng tarqalgan edi. 19-asrdan boshlab, avvalo Angliyada, so’ng boshqa mamlakatlarda oltin Valyuta qo’llanila boshladi. 20-asrning 70-yillaridan boshlab, qog’oz Valyuta, ya’ni oltin va kumushga almashtirilmaydigan banknot va qog’oz pullar xarakterlidir. Ular inflyatsiyaga uchrab turadi, qadrsizlanadi, natijada davlat tomonidan devalvatsiya tadbirlari o’tkaziladi. Kursi barqaror Valyutalar qadri baland Valyutalar deyiladi. Valyutalar erkin almashtiriladigan (har qanday chet el valyutasiga cheklanmagan miqdorda almashtiriladi, har qanday mamlakatga erkin o’tkaziladi), qisman almashtiriladigan (Valyuta almashuvi u yoki bu egalar, u yoki bu Valyuta harakatlari bilan chegaralanadi), almashtirilmaydigan (bir mamlakat doirasida amal qiladigan) turlarga bo’linadi. Xalqaro to’lov muomalasi erkin almashtiriladigan yoki xalqaro valyuta fondi belgilagan kurs bo’yicha erkin almashtiriladigan Valyuta bilan bajariladi. Xalqaro valyuta fondi AQSh dollari, Kanada dollari, Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar Valyutalari, Shveytsariya franki, Shvetsiya, Yaponiya va boshqa bir qator davlatlarning Valyutalarini har qanday mamlakatlar Valyutasiga erkin almashtiriladigan Valyutaga kiritadi. O’zbekistan Respublikasi milliy Valyuta birligi — so’m 1994 yil 1 iyuldan muomalaga kiritilgan. Eson Egamov.