Vallisneriya, suvyaproq

Vallisneriya, suvyaproq (Vaillisneria) — suvguldoshlarga mansub ko’p yillik o’simliklar turkumi. Suv ichida o’sadi. Bargi ingichka, tasmasimon, uzunligi 75 santimetrga yetadi. Gullari mayda, ikki uylik. Changchi gullari dastlab suv ichida rivojlanadi, keyinroq uzilib suv yuzasiga ko’tariladi. Urug’chi gullarining gulbandlari dastlab spiral shaklda o’ralgan bo’lib, keyinchalik cho’zilishi tufayli suv yuzasiga ko’tarilib changlanadi. Changlangan gulning gulbandi yana qisqarib o’raladi va suv ostiga cho’kib, meva tugadi. Spiral Vallisneriya (Vallisneriya spiralis), odatda, oqmas va tinch oqadigan chuchuk suvlarda 1 metrgacha chuqurlikda uchraydi. O’rta Osiyo, Yevropa va Osiyoning chuchuk suvli havzalarida tarqalgan. Yozning ikkinchi yarmida gullaydi. Spiral Vallisneriya ildiz otadigan novdalari yordamida vegetativ ko’payadi. Ko’pincha akvariumlarda ko’paytiriladi.