Veksel

Veksel (nemischa Wechsel — ayirboshlash) — ko’rsatilgan muddatda mu-ayyan miqdordagi pulni to’lash majburiyati qayd etilgan qarzdorlik haqidagi rasmiy hujjat; qimmatli qog’oz. U universal to’lov, kredit va hisob vositasi bo’lib, xalqaro savdoda to’lov majburiyati; qisqa muddatli (6 oy) tijorat-kredit vositasi; banklararo uzoq muddatli munosabatlarni shakllantiruvchi vosita; banklardan ssuda olish uchun garov (shuningdek tijorat banki Markaziy bankdan ssuda olishda beradigan garov) tarzida keng qo’llaniladi. Vekselning asosan oddiy Veksel (qarzdor tomonidan muayyan summani belgilangan muddatda qaytarish haqida qarz beruvchi oldidagi majburiyat), o’tkazma Veksel (qarz beruvchining qarzni Vekselni taqdim etuvchiga yoki hujjatda ko’rsatilgan shaxsga to’lash haqidagi buyrug’i), xazina Veksel (o’z xarajatlarini qoplash uchun davlat tomonidan chiqariladi), moliya Veksel (bir bank boshqa bankka qarz puli olish uchun beradi), tijorat Veksel (tovar egasiga garov tarzida beriladi) va boshqa turlari bor. Veksel hisob vositasi va ayirboshlash hujjati sifatida Yevropa mamlakatlarda 17-asrda shakllandi. 19-asrning oxiridan boshlab Turkistondagi xususiy tijorat banklari savdo-sotiqda Veksel muomalasini keng yo’lga qo’ygan. Sobiq Ittifoqda, shu jumladan O’zbekistonda Veksel yangi iqtisodiy siyosat davrida (davlat hamda kooperativ korxonalar o’rtasidagi munosabatlarda) ham ishlatilgan. 1930-32 yillardagi kredit islohotida bevosita maqsadli bank orqali kreditlashga o’tilishi bilan mamlakat ichida Veksel muomalasi tugatilgan. Boshqa ko’pgina davlatlarda Veksel muomalalari 1930 yil Jenevada qabul qilingan “veksel to’g’risida”gi konventsiyaga muvofiq olib boriladi. Unda Vekselning quyidagi majburiy unsurlari bo’lishi qatiy belgilangan: Veksel belgisi — “veksel” yozuvi; Vekselda ko’rsatilgan summani so’zsiz to’lash majburiyati; qarz to’lovchi va birinchi Veksel egasining nomi; remitent nomi; to’lov muddati va joyi; Veksel to’ldirilgan sana va manzil; Veksel beruvchining imzosi. Vekselni amal qilish muddatini cho’zish (Veksel prolongatsiyasi) qonunga muvofiq yoki trassant va trassatning o’zaro kelishuvi asosida amalga oshiriladi. O’zbekiston Respublikasining 1993 yil 2 sentabrdagi “Qimmatli qog’ozlar va fond birjasi to’g’risida”gi qonuniga muvofiq 1994 yildan boshlab O’zbekistonda Veksellar muomalaga kiritildi. Veksellar naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirishning eng qulay vositasi sifatida korxona va tashkilotlarda keng qo’llaniladi. Eson Egamov.