Velosiped

Velosiped (lotincha velox — tez va pes — oyoq) — oyoq bilan harakatga keltiradigan 2 yoki 3 g’ildirakli eng oddiy mashina. Insonning harakatlanish vositalaridan biri. Qo’lda (invalidlar Velosiped) va motor (dvigatel) yordamida harakatlantiriladigan Velosipedlar ham bor. Velosiped g’ildirak /, rama 2, egar 3, rul 4, pedal 5, zanjir 6 va ikki charx (yulduzcha) 7 dan iborat. Pedal bosilganda unga biriktirilgan charx zanjirni, zanjir esa orqa g’ildirak o’qiga mahkamlangan charxni aylantiradi. Velosiped qo’l yoki oyoq tormozi bilan to’xtatiladi. G’ildiraklarning o’lchamiga qarab, erkaklar, ayollar va bolalar Velosipedlari vazifasiga qarab, oddiy Velosiped, universal Velosiped, sport Velosiped, maxsus (tsirkda, yuk tashishda ishlatiladigan, tirkama aravachali Velosiped, Velosiped- riksha), Velosiped-drezina (releda yurish uchun) bo’ladi. Dastlabki Velosiped-4 g’ildirakli samokatni G. Gantshel (Germaniya, 1649), R. La Roshelli (Frantsiya, 1693), L. Sham-Shurenkov (Rossiya, 1752), Ovenden (Angliya, 1761) yasashgan. Metalldan yasalgan birinchi ikki g’ildirakli Velosipedni Rossiyada oddiy dehqon E. M. Artamonov (1801) qurdi. Uning pedal o’rnatilgan oldingi g’ildiragi orqadagisidan ancha katta bo’lgan. 19-asr 50-yillarida nemis mexanigi F. M. Fisher Velosipedni mukammallashtirib, deyarli hozirgi holatiga keltirgan. Hozirgi ikki g’ildirakli oddiy Velosipedlarning tezligi 10-30 km/soat, og’irligi 8-16,5 kilogramm. Motorli Velosipedlar soatiga 30-50 kilometr tezlik bilan harakatlanadi. Sport Velosiped, ancha yengil bo’ladi, tezligi soatiga 70 kilometrgacha boradi. Hozir ham Velosipedni “qayta kashf qiluvchilar” uchrab turadi (masalan, bir necha odam qator o’tirib haydaydigan Velosiped, bir g’ildirakli Velosiped va hokazolar).