Ventilyatsiya

Ventilyatsiya (lotincha ventilatio — shamollatish) — xonalarning havosini almashtirib turish hamda bu ishni amalga oshiradigai qurilmalar majmui. Shaxtalar, sanoat korxonalari, turar joy binolari, jamoat uylari havosini yangilash uchun qo’llaniladi. Binolarning havosi vaqt o’tishi bilan fizik va kimyoviy jihatdan salbiy tomonga o’zgaradi, chunki odam terisi, nafas a’zolari orqali, uskunalarning ishlash jarayonlari tufayli va boshqa yo’llari bilan tashqi muhitga issiqlik, suv bug’lari, karbonat angidrid va qo’lansa hidli moddalar (ter, organik moddalarning buzilish mahsulotlari va boshqalar) ajraladi. Ma’lumki, katta yoshdagi odam normal (20°) temperaturada tashqi muhitga 1 soatda 22— 40 litr karbonat angidrid, 100-200 kkal issiqlik va 50 gradus suv bug’i chiqaradi. Yopiq xonalar havosi o’zgarganda organizmdagi ba’zi jarayonlar buzilib: kishi dimiqib qoladi. Ba’zi sanoat korxonalaridan chiqadigan badbo’y hid va kimyoviy moddalardan ifloslangan havo kishilarning Markaziy nerv sistemasi, yurak-tomir sistemasi, ichki a’zolari va hatto mushaklariga ta’sir etib, kon bosimini oshiradi, yurak urushini tezlashtiradi, ichki bosimini ko’tarib yuboradi va hokazolar. Kishilarning yashashi, ishlashi va dam olishi uchun mo’tadil sharoit yaratishda Ventilyatsiya muhim omil hisoblanadi. Issiq mintaqali joylarda, shu jumladan O’rta Osiyo hududida Ventilyatsiyaning ahamiyati ayniqsa katta. Shuning uchun bo’lsa kerak ota-bobolarimiz, ustalarimiz, qadimgi me’morlarimiz unga azaldan e’tibor berib kelishgan. Eshik va derazaning yuqori qismiga ishlangan panjaralar, oshxona, Novvoyxonalar tomidagi ochiq mo’rilar Ventilyatsiya vazifasini o’tagan. Ventilyatsiyaning tabiiy va sun’iy xillari bo’ladi. Tabiiy Ventilyatsiyada xonalar deraza va eshiklar orqali shamollatiladi. Sun’iy Ventilyatsiyada maxsus qurilmalar (ventilyator va boshqalar) ishlatiladi. Sun’iy Ventilyatsiya havo o’z-o’zidan almashinadigan (xona ichidagi va tashqi havo og’irliklari orasidagi farq hisobiga) va majburan (ventilyator yordamida) almashtiriladigan xillarga bo’linadi. Sanoat binolarida zararli va portlash xavfi bo’lgan gaz hamda changlar ejektor yordamida chiqarib turiladi. Turar joylarda eshik, rom orqali havo doimo almashinib turadi (tabiiy Ventilyatsiya), tashqi havo temperaturasi xonadagi havo temperaturasidan qancha ko’p farq qilsa, havo shunchalik yaxshi almashinadi. Ko’p qavatli uylarda xonalar havosini toza tutish uchun oshxona, vanna, hojatxona havosi Ventilyatsiya tizimi yordamida almashtirib turiladi. Ventilyatsiya umumiy (hamma xonalar markazlashgan usulda shamollatiladi) va mahalliy (xonalar alohida-alohida shamollatiladi) xillarga ham bo’linadi. Teatr, kinoteatr, restoran, maktab, kasalxona va boshqa jamoat binolarida asosan sun’iy va umumiy shamollatish tizimi ishlatiladi. Xonalarni Ventilyatsiya yordamida shamollatib turishdan tashqari ularning temperaturasi va namligini mo’tadillab turish ham zarur. Bu tadbir kondisioner va isitish tizimlari yordamida amalga oshiriladi.