Abdumajid Po‘latov (1949-2017)
Mashhur olim, fizika-matematika fanlari doktori, professor Abdumajid Po‘latov Professor 1949 yil 4 martda Toshkentda tavallud topgan. 1966-1971 yillari Novosibirsk davlat universiteti matematika fakultetida tahsil olgan. 1971-1979 yillari Novosibirskdagi SSSR Fanlar akademiyasi Sibir bo‘limi Matematika instituti ilmiy xodimi bo‘lib ishlagan.
1976 yil fizika-matematika fanlari nomzodi, 1979-1994 yillarda Toshkent davlat universiteti amaliy matematika va mexanika fakulteti dotsenti, 1980-1992 yillarda brilliant bichish usullari bo‘yicha qator grantlar sohibi, dasturlar rahbari bo‘lgan.
So‘ngra 1992 yili fizika-matematika fanlari doktori, 1994-2000 yillarda ToshDU matematika va mexanika fakulteti professori, 2000-2002 yillarda O‘zMU kompyuter texnologiyalari fakulteti professori, 2002-2006 yillarda O‘zMU O‘zbek filologiyasi fakulteti Kompyuter lingvistikasi kafedrasi mudiri sifatida faoliyatini davom ettirgan.
1988 yildan buyon uning rahbarligida 12ta nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilingan. Matematika sohasida “Po‘latov maktabi”, “Toshkent maktabi” ilmiy yo‘nalishi bilan tanilgan.
1994-1998 yillarda Xalqaro informatika jamiyati (Germaniya), 1993 yildan O‘zbekiston matematiklar jamiyati a’zosi, “XXI asrning 2000 mashhur olimi” (Kembrij) kitobiga kiritilgan.
U “Qavariq ko‘pyoqlar” (Novosibirsk, 1992), “Ingliz tili” (rus tilida. Toshkent, 1998), “Dunyoviy o‘zbek tili” (T.Mo‘minova va I.Po‘latova bilan hamkorlikda. Toshkent, 2003), “Hayot formulalari” (qo‘lyozma), “Ingliz tili” (o‘zbek tilida, qo‘lyozma), “Kompyuter lingvistikasi” (2 jild, qo‘lyozma), “Inglizcha-o‘zbekcha- ruscha lug‘at” kitoblari hamda “Kompyuter lingvistikasi” (S.Muhamedova bilan hamkorlikda. Toshkent, 2007) o‘quv qo‘llanmasi muallifi edi.
Abdumajid Po‘latov nafaqat matematika sohasida, balki ingliz tili, tilshunoslik, falsafa fanlari doktori, professori sifatida kitoblar yozgani uchun AQShning “Who is who?” (“Kim aslida kim?”) kitobiga kiritilgan.