ABDURAZZOQ SAMARQANDIY

ABDURAZZOQ SAMARQANDIY, to’liq ismi Kamoliddin Abdurazzoq ibn Jaloliddin Isxoq Samarqandiy (1413.7.11 – 1482, Hirot) – mashhur sayyoh, elchi va tarixchi. Tafsir, hadis, tarix, til va adabiyot fanlarini puxta egallagan. Hayotining ko’p davri Samarqandda o’tgani uchun Samarqandiy nisbasini olgan. Abdurazzoq Samarqandiy arab tili grammatikasiga bag’ishlangan “Risolai Azudiya”ga sharh yozadi. Shohrux saroyida diplomatik yozishmalarni olib borishda qatnashadi, elchilar boshlig’i sifatida 1442-44 yillarda Hindiston Janubidagi Kalikut, Xinovar, Mangalur, Bilur, Bokanur va Vijayanagar rojaligiga borib keladi. 1446-47 yillarda Shohrux uni diplomatik topshiriq bilan Gilonga jo’natadi. U hayotining keyingi davrlarida Abulqosim Bobur saroyida xizmat qildi. Bobo’rning Mozandaronga (1453), so’ngra Samarqandga (1454) qilgan yurishlarida qatnashdi. 1463 yil Abu Said Mirzo Abdurazzoq Samarqandiyni Hirotdagi Shohruxiya xonaqosiga Shayx etib tayinlaydi. Abdurazzoq Samarqandiy Movarounnahr va O’rta Sharq mamlakatlarining 14-15 asrlardagi tarixiga oid boy ma’lumotlarni o’zida jam qilgan “Matlai sa’dayn va majmai Bahrayn” (“Ikki saodatli yulduzning chiqish va ikki dengizning qo’shilish joyi”) nomli tarixiy asari bilan mashhur (1467-69 yillarda fors tilida yozilgan). Asarning tanqidiy matni ilmiy izohlar bilan 1960 va 1969 yillarda Toshkentda bosilgan. As: matlai sa’dayn va majmai Bahrayn, T., 1969. Ad.: O’rinboev A., Abdurazzoq Samarqandiyning Hindiston safarnomasi, T., 1960.