ABSTRAKT SAN’AT
ABSTRAKT SAN’AT (lot Abstractus — mavhum), abstraktsionizm —tasviriy san’atdagi oqim. Rangtasvir, haykaltaroshlik, grafikada asosan real narsa va hodisalarni tasvirlashni rad etadi. 20 asr 10-yillarida Yevropa mamlakatlarida vujudga kelib, 40-yillarning oxiri — 60-yillarning boshida keng tarqaldi. Dastlabki namunalari rus V. Kandinskiy, K. Malevich, frantsuz R. Delone va boshqa rassomlar tomonidan yaratildi. Keyinroq ukrain A. Arxipenko, rumin K. Brinkushi va boshqa abstrakt haykaltaroshlik tajribalariga murojaat qildi. 1-jahon urushidan keyin abstrakt shakllarni me’morlik, bezak san’ati, dizaynga tatbiq etishga va muhandislik qoidalari asosida qurishga intilishlar kuzatildi (V. Tatlin, A. Pevzner, N. Gabo konstruktsiyalari). 2-jahon urushi davrida AQShda “sof psixik avtomatizm”, g’ayriixtiyoriy sub’yektov turtki, tasodifiy rang va sifatlar uyg’unligini asosiy usul qilib olgan abstrakt ekspressionizm maktabi (rassom J. Pollok, M. Tobi va b.) yuzaga keldi. 50-yillar Yevropa, Amerika mamlakatlari tasviriy san’atida Abstrakt san’at Ustun yo’nalishga aylandi. 60-yillarda Abstrakt san’at (“Opart” kabi) ko’rinishlari rivojlandi. O’rta Osiyo, jumladan O’zbekiston hududida qadimdan yaratilgan tasviriy va amaliy bezak san’ati namunalaria ham Abstrakt san’at ko’rinishlari uchraydi. Ularda afsonaviy Firdavs bog’lari o’zining ramziy ifodasini topgan. Ayniqsa, kitobat san’atidagi abri bahor usulida yaratilgan qo’lyozma kitob bezaklari, abrbandi usulida tayyorlangan atlas va boshqa matolarning gullari bu san’atning namunasidir. O’zbekistonda tom ma’nodagi Abstrakt san’atga xos xususiyatlar 20-asrning 10-yillaridan paydo bo’la boshladi va keyinchalik bir qator rassomlar (S. Fedorchenko, V. Ufimtsev va b.) diqqatini o’ziga jalb etdi. So’nggi yillarda bu san’at ta’siri qisman N. Shin, A. Kedrin, B. Jalolov ijodida seziladi.