ABUJAHL TARVUZI
ABUJAHL TARVUZI — qovoqdoshlar oilasiga mansub yo’g’on, tugunaksimon ildizli ko’p yillik o’t. Poyasi chirmashuvchi yoki yer bag’irlab yotuvchi, uzunligi 2-4 metr. Barglari, asosan tuxumsimon, chetlari o’yilgan, gullari sarg’ish-oq; changchili gullari (7-15 tadan) poyaning yuqori qismida — shingidda, urug’chili gullari (5-12 tadan) o’simlikning pastki qismida o’rnashgan. Mevasi qora yoki qo’ng’ir, dumaloq, diametri 7-8 millimetr. Urug’i yassi-tuxumsimon, mayda. May— iyulda gullaydi. O’rta Osiyo (jumladan O’zbekiston) da, Yevropada, Kavkaz, Eron va Skandinaviyada uchraydi. Abujahl tarvuzi — dorivor o’simlik; ildizida glikozidlar, kraxmal, oshlovchi modda, smola, mochevina, olma kislotaning tuzlari borligi aniqlangan. Abujahl tarvuzining gullamasdan qazib olingan yangi ildizidan tayyorlangan essentsiya gomeopatiyasya qo’llanadi. Ildizining spirtdagi eritmasi xalq tabobatida og’riq qoldirish, jarohat, yaralarni davolash, yo’talni qoldirish hamda bod og’rig’ini yo’qotish uchun ishlatiladi.