ABULXAYR IBI HAMMOR
ABULXAYR IBI HAMMOR Hasan ibn Sivor ibn bobo ibn Bahrom Xorazmiy (941, Bag’dod — 1048) — mantiqshunos, Bag’dod madrasalarida mudarrislik qilgan. Ma’mun ibn Muhammad Xorazmshoh uni Bag’doddan Xorazmga taklif qilib, o’zining shaxsiy tabibi va nadimi maqomiga tayinladi. Sulton Mahmud G’aznaviy Xorazmni qo’lga kiritgandan keyin Abulxayr Hammorni o’zi bilan G’aznaga olib ketadi. O’sha yerda 102 yoshida musulmonchilikni qabul qiladi. Ungacha Abulxayr Hammor nasroniy dinida edi. Manbalarda keltirilishicha, Sulton Mahmud G’aznaviy Abulxayr Hammor Islomni qabul qilganligi uchun unga G’azna yaqinidagi Hammor nohiyasini mulk sifatida iqto (hadya) qilib bergan (Hammor laqabi shundan). Boshqa manbalarda Hammor so’zi ro’mol yoki ayollar uchun hijob tikuvchi ma’nosida qo’llaniladi. U falsafadan tashqari tabobatda ham juda mashhur bo’lganligi uchun “Buqroti soniy (“Ikkinchi Gippokrat”) laqabiga sazovor bo’lgan. Uning asarlari: “Kitob ul-hayulo” (“Birlamchi modda haqida kitob”), uch jildli “Kitob ul-vifoq Bayna ra’y al-falosifa vannasoro” (“Faylasuflar va nasroniylar o’rtasidagi fikr muvofiqligi haqida kitob”), “Kitob tafsiri Isog’uji muxtasaran” (“Isog’uji kitobi tafsiriga qisqacha sharh”), “Kitob us-sadiq vassadoqa” (“Do’st va do’stlik haqida kitob”) va boshqalar. Bir qancha kitoblarni suryoniy tilidan Arab tiliga tarjima qilgan.