ACHCHIQTOSH

ACHCHIQTOSH – qo’sh sulfat tuzlarining kristallogidratlari. Sulfatli minerallardan 30 ga yaqini xalq tilida Achchiqtosh deb ataladi. Tabiiy sharoitda sof holda uchramaydi. Sof Achchiqtosh bir valentli va uch valentli metallar sulfatlarining issiq suvdagi eritmalarini aralashtirish yo’li bilan olinadi. Achchiqtoshli mineralni suvda eritib bug’latish Achchiqtosh ni tozalashning eng oson usulidir. Achchiqtoshning barcha turlari kristall shaklda, nordon ta’mli bo’lib, og’izni burishtiradi. Achchiqtosh qizdirilganda tarkibidagi suvini yo’qotib, xira tortib qoladi. O’rta Osiyoda Sho’rsuv, Gugurtdog’ konlarida, Hisor tizmasida va boshqa joylarda uchraydi. Achchiqtosh ko’nchilikda, bosma ishida, foto sanoatida, gazlama bo’yashda, qog’oz ishlab chiqarishda ishlatiladi. Alyuminiyli Achchiqtosh tibbiyotda ham qo’llaniladi. Achchiqtosh teri va shilliq pardalarni quritadi va dezinfektsiyalaydi. Aholi tomoq og’rig’i, og’iz o’yilishi, milk yallig’lanishi kabi kasalliklarni davolashda qadimdan Achchiqtoshdan foydalanib keladi.