ADDIS-ABEBA
ADDIS-ABEBA (amxara tilida — yangi gul) — Efiopiya (Habashiston)ning poytaxti va Addis-Abeba viloyatining ma’muriy markazi. Addis-Abeba Efiopiya (Habashiston) tog’ligida, dengiz sathidan 2400 metr balandlikda. Aholisi 1,5 million kishi (1995). Shaharga 1887 yil imperator Menelik II asos solgan va dastlab Finfinna deb atalgan. 1889 yildan Efiopiya poytaxti. 1936-41 yillarda Addis-Abebani Italiya qo’shinlari okkupasiya qilib. turgan. Addis-Abeba mamlakatning yirik sanoat va savdo markazi (asosan, yengil va oziq-ovqat sanoati korxonalari), transport yo’llari tuguni. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Avtomobil yig’uv zavodi, yog’ochsozlik, tsement korxonalari bor. Kustar usulida gazlama to’qiladi, charm, metall va yog’ochdan buyumlar ishlab chiqariladi. Addis-Abebada kollejlar, universitet, bir qancha ilmiy tadqiqot institutlari (jumladan, Efiopiyashunoslik instituti), Milliy teatr, tarixetnografiya muzeyi, tibbiyot muassasalari bor. Radio va televizion stansiyalar (1960 yildan) mavjud. BMT ning Afrika bo’yicha Iqtisodiy komissiyasi (1958 yildan) va Afrika birligi tashkiloti (1963 yildan) qarorgohi. Shaharning tashqi qiyofasida milliy va zamonaviy me’morchilik ob’ektlari uyg’unlashgan. Me’moriy ansambllardan Menelik II saroyi (19-asr oxiri), yubiley qasri (1955), Afrika uyi (1963) va boshqalar bor.