ADIRLAR

ADIRLAR — O’rta Osiyo tog’larining past-baland etaklari. Adirlar uchlamchi va to’rtlamchi davrlarning tog’jinslaridan tashkil topgan. Adirlar Farg’ona, Hisor, Surxondaryo vodiylarida ko’proq konglomerat va chaqir toshlardan iborat bo’lib, ba’zi joylarida lyoss (soz tuproq) bilan qoplangan. Adirlarni ko’p joylarda soy hamda jarlar kesib o’tib, ayrim-ayrim qismlarga bo’lib yuborgan. Adirlarning dengiz sathidan balandligi 400-500 metrdan 1000— 1500 metrgacha. Adirlar mintaqasi balandroq tog’ etaklaridan ko’pincha kambar tektonik botiqlar orqali ajralgan bo’ladi. Adirlar Farg’ona vodiysi atrofidagi tog’etaklarida juda aniq namoyon bo’lgan (masalan, Avval adirlari). Qashqadaryo, Zarafshon vodiylari atrofida ham bor. Landshafta chala cho’l va cho’llardan iborat. Bahor paytida Adirlarda o’tlar, lolalar o’sib yotadi. Xo’jalikda Adirlardan erta bahorda yaylov sifatida foydalaniladi, yog’in ko’proq tushadigan Adirlarda (Hisor, Zarafshon vodiylarida) g’alla yetishtiriladi. Ayrim joylarda suv chiqarib bog’lar bunyod etilgan. Kopetdog’ va Qrim tog’lari etaklaridagi shunday balandliklar bayirlar deb yuritiladi.