ADSORBENTLAR

ADSORBENTLAR (lotincha ad — yonida va sorbens — yutuvchi) — tabiatda uchraydigan va sun’iy yo’l bilan tayyorlanadigan, disperelik darajasi yuqori bo’lgan juda katta tashqi (g’ovaksiz) yoki ichki (g’ovakdor) sirtli jismlar. Suyuq yoki gaz holidagi moddalar adsorbtsiyasi xuddi shu Adsorbentlar sirtida sodir bo’ladi. Tabiiy Adsorbentlarga opoka (govaqtosh), gilmoya va boshqalar kiradi. Sun’iy Adsorbentlar uglevodorodlarni termik parchalash yoki tutatish (kurum olish), o’ta qizdirilgan suv bug’i bilan kremniy-organik moddalarni gidrolizlash (aerosillar), dag’al dispers sistemalarni kimyoviy jihatdan faollash yoki modifikasiyalash (faol ko’mir, faollantirilgan gil) va boshqa yo’llar bilan olinadi. Adsorbentlarning adsorbtsion xususiyati qattiq jismning tabiatiga, sirt tuzilishiga, kattaligiga, g’ovaklarining tuzilishiga bog’liq. Ular, asosan, g’ovaksiz, yirik g’ovakli, mayda g’ovakli va aralash g’ovakli turlarga bo’linadi. Adsorbentlar protivogazlarda ishlatiladi, gaz va suyukliklarni tozalash va quritishda, polimerlarning to’ldirgichlari sifatida va boshqa maqsadlarda keng qo’llaniladi.