AERODINAMIK QUVUR
AERODINAMIK QUVUR – aerodinamika sohasidagi tekshirish qurilmasi; unda sun’iy hosil qilingan havo yoki gaz oqimining uchish apparatlariga va boshqa ob’yektlarga yoki modelning ob’yektlardagi fizikaviy o’xshash qismlariga ta’siri o’rganiladi. Aerodinamik quvurni birinchi marta K. E. Tsiolkovskiy qurgan. Aerodinamik quvur yordamida havo (yoki gaz) ning qarshilik kuchi, qattiq jism sirtida bosimning taqsimlanishi va boshqalar aniqlanadi. Aerodinamik quvur tajribalari kichraytirilgan modellar, ba’zan esa to’liq o’lchamli konstruktsiyalar ustida o’tkaziladi. Aerodinamik quvurda jism qo’zg’almay turadi (havoga yoki gazga nisbatan harakatlanmaydi), havo (gaz) qo’zg’almas jismga nisbatan harakatlanadi. Aerodinamik quvur quyidagilardan iborat bo’ladi: havo (gaz)ni so’rib oluvchi soplo; havo (gaz)ning kerakli yo’nalishdagi oqimini vujudga keltiruvchi yo’naltiruvchi kuraklar; tekshiriladigan ob’yekt va aerodinamik kuch, momentlar va boshqa ko’rsatkichlarni o’lchaydigan datchiklar o’rnatiladigan ish qismi; ventilyator, kompressor yoki ejektor; havo (gaz)ni atrof muhitga chiqarib yuboradigan diffuzor. Ba’zi Aerodinamik quvurda havo (gaz) oqimini soploga qaytaradigan teskari (yo’naltiruvchi kurakli) kanallar bo’ladi. Aerodinamik quvur xillari: berk va ochiq oqimli; berk va ochiq ish qismlari bo’lgan; tovush tezligidan past, tovush tezligiga yaqin, tovush tezligidan yuqori va giper (o’ta yuqori) tovush tezligidagi oqimli; davriy va uzluksiz ishlaydigan. Elektr yoy bilan isitiladigan, adiabatik qisiladigan, zarbiy, impulsli Aerodinamik quvurlar ham bor. Aerodinamik quvurda sinash mashinalarning optimal shakllarini aniqlashga va muhandislik inshootlariga shamol ta’sirini o’rganishga imkon beradi. Aerodinamik quvur tajribalari natijalari avtomobil, poezd, kosmik kemalar, suv osti kemalari va boshqalarning eng maqbul shaklini topishga, baland imoratlar, minoralar va boshqalarga shamolning ta’sirini o’rganishga imkon beradi.