AFFEKT

AFFEKT (lotincha aftectus — ruhiy hayajon, ehtiros) — turli tashqi yoki ichki ta’sirlar asosida tez paydo bo’lib, qisqa muddatli, aksariyat hollarda “portlash” tarzida bo’ladigan kuchli ifodalanadigan hissiy holat (qo’rqinch, dahshat, g’azab va boshqalar). Affekt tushkunlik, tang vaziyatlarda yuzaga keladi. Affekt holatida ichki organlar faoliyati o’zgaradi, keskin ifodali holatlar paydo bo’ladi, kishining ong doirasi torayadi, xulqni nazorat qilish qobiliyati yo’qoladi. Affekt fiziologik ham, patologik ham bo’lishi mumkin. Fiziologik Affektda kishi o’z hatti-harakatini idora eta olishi, keyinchalik barcha voqealarni xotirasida saqlab qolishi mumkin. Patologik Affekt ko’proq ruhiy kasalliklarda kuzatiladi. Ba’zan ruhiy sog’lom odamlarda ham kuzatilishi mumkin. Patologik Affektda barcha hatti-harakatlar kishi xotirasida saqlanmaydi, shaxsning hatti-harakatlari o’ng tomonidan nazorat qilinmaydi. Odamda Affekt faqat uning jismoniy holati, biologik ehtiyojlari va instinktlari kabilarga bog’liq omillar tufayli emas, balki uning ijtimoiy munosabatlarining buzilishi tufayli ham yuzaga kelishi mumkin. Masalan, adolatsizlik, bevafolik, haqorat shu kabi holatlarda. Ba’zan Affekt biror salbiy holatni yuzaga keltiruvchi vaziyatlarning takrorlanaverishi natijasida ham sodir bo’ladi. Bundam vaziyatlarda Affekt Akkumulyatsiyasi holati ro’y beradi, uning natijasida Affekt kuchli, boshqarib bo’lmaydigan xulqlarajasiga ko’garilishi mumkin (affektiv portlash). Affektni o’rganish sud-psixiatrik hamda sud-psixologik ekspertiza amaliyotida jinoiy hatti-harakatlarning asl sababini aniqlashda zaruriy shartlardan biri bo’lib, adolatli hukm chiqarishda katta ahamiyatga ega.