AFG’ONISTON

AFG’ONISTON, Afg’oniston Islom davlati — Janubiy-g’arbiy Osiyoning eng chekka Sharqiy qismida joylashgan mamlakat. Geografik o’rniga binoan O’rta Sharq mamlakatlari qatoriga ham kiritiladi. Maydoni 652,2 ming kilometr kvadrat. Aholisi 25 million. 782 ming kishi (2000). Poytaxti — Kobul shahri. Afg’oniston ma’muriy-hududiy tuzilishiga ko’ra 31 viloyatga bo’linadi. Eron, Pokiston, Xitoy, Tojikiston, Turkmaniston, O’zbekiston bilan chegaradosh. Afg’oniston bilan O’zbekiston o’rtasidagi chegaraning uzunligi — 137 kilometr. Tabiati. Afg’oniston hududining 4/5 qismini tog’lar va yassitog’liklar egallagan. Shimoliy-g’arbida Paropamiz, Safedko’h, Bandi Turkiston, shimoliy-sharqida Hindikush tog’i tizmalari asosan kenglik bo’ylab yo’nalgan. Markazining asosiy qismini Hazorajat va G’azniqandahor yassitog’liklari egallagan bo’lib, ularga G’arbiy va Janubiy tomonlardan boshqa tog’liklarning tizmalari qo’shilib ketgan (bandi bayon, Chixilabadalon, zang tizmasi, Ko’hi Xurd, mazor va boshqalar). Mamlakat hududining Janubiy va Janubiy-g’arbiy qismlari baland tekisliklardan iborat bo’lib, ularda Registon va Garmsir qumli hamda tosh va gilli Dashti Morg’o cho’llari joylashgan. Botiqlarda ko’llar va sho’rxoklar mavjud (Sabari, Puzak, Gaudizira va boshqalar). Afg’onistonning Janubiy-Sharqiy chegarasi bo’ylab Sulaymon tog’larining g’arbiy tizmalari cho’zilgan. Afg’onistonda foydali qazilmalar kam o’rganilganiga qaramay, u yerda toshko’mir (Ish pushta, karkar, Darayai-So’f, Karux va boshqa konlar), tabiiy gaz (Xo’ja gugurtak), temir rudasi (Palangsor), xrom rudasi (Shadal ketkay), oltin (Argandab, Sanglech, Nuraba), berilliy (Darayi-pech, Darayi-nur), qo’rg’oshin-rux (Farinjol, Mirzaka), mis rudasi (Jigdalay), osh va tosh tuzlari, oltingugurt hamda qimmatbaho tosh konlari mavjud. Hirot va Bomiyon viloyatlarida ma’danli suv buloqlari ochilgan. Afg’oniston hududining katta qismi quruq subtropik iqlim mintaqasida joylashgan bo’lib, iqlimi kontinental. Yozi issiq va quruq (iyulning o’rtacha temperaturasi tekisliklarda 32″ -35°, tog’larda 10° — 14°), qishi iliq, tog’larda sovuq (yanvarning o’rtacha temperaturasi tekisliklarda 0* dan 8° gacha; — 30* sovuqlar ham kuzatiladi, tog’larda 0″ dan past, ayozli kunlar ko’p bo’ladi). Yillik yog’in miqdori shim. hududlarda 170 — 280 millimetr, cho’l hududlarida 40 — 50 millimetr, tog’yon bag’irlarida 800 millimetrgacha boradi. Yirik daryolari — Amudaryo va uning irmog’i — Panj hamda Hilmand, Farrohrud, Herirud, Murg’ob va boshqalar. Kobul daryosi Hind okeani havzasiga quyiladi. Daryolarning suvlaridan sun’iy sug’orishda hamda elektr energiya hosil qilishda foydalaniladi. Mamlakat sug’orma dehqonchilik hududlarida bo’z va to’q bo’z tuproq hamda surqo’ng’ir tuproqlar tarqalgan. Katta qismini qumli tuproq egallagan. Asosan cho’l va dasht o’simliklari o’sadi. Shimoliy-Sharqiy va Sharqiy qismlaridagi tog’larda keng bargli (2000-2400 metrli balandlikda) hamda ignabargli (3300 — 3400 metrgacha bo’lgan balandlikda) o’rmonlar mavjud. Afg’onistonda yovvoyi hayvonlardan bo’ri, sirtlon, tulki, qoplon, ayiq, jayron va boshqalar uchraydi. Aholisi. Afg’oniston — ko’p millatli mamlakat. Unda turli til guruhiga kiradigan 30 dan ortiq xalq yashaydi. Aholining deyarli yarmi afg’on (pushtun)lar (8 milliondan ortiq kishi). Tojiklar (4,5 million), o’zbeklar (3 millionga yaqin), xazoralar (1,5 milliondan ortiq), turkmanlar, qirg’izlar, choraymoqlar, balujlar ham bor. O’zbeklar asosan Juzjon, Balx, Foryob, Qunduz, Taxor, Samangon, Hirot va qisman Bag’lon viloyatlarida istiqomat qiladi. Shaharlarda kam joylashgan. Mozori Sharif, Shibirg’on, Maymana, Oybak, Toluqon, Qunduz va Toshqo’rg’on shaharlarida aholining ko’pchiligini tashkil etadi. Aholining o’rtacha zichligi — 1 kilometr kvadratda salkam 30 kishi. Davlat tili pushtu va dariy. Aholining 85% Islom dinining sunniylik va 15% shialik yo’nalishlariga mansub. Aholining 18% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Kobul, Mozori Sharif, Qandahor, Hirot, Jalolobod, Qunduz, Bag’lon. Tarixi. Hozirgi Afg’oniston hududida miloddan avvalgi 1-ming yillikda bir qancha mayda davlatlar bo’lgan. Baqtriya ularning eng kuchlisi edi. Ular uzoq asrlar davomida Axomaniylar, Salavkiylar, Arab xalifaligi, G’aznaviylar, mo’g’ullar, Temuriylar, Boburiylar, Safaviylar hukmronligi ostida bo’lgan. 1747 yilda Ahmadshoh Durroniy Xuroson, Seiston, Sind, Balujiston, Panjob, Kashmir va Balxni, shuningdek Amudaryoning so’l sohilidagi ayrim hududlarni egallab, birinchi bor mustaqil Afg’oniston davlatiga asos soldi. Lekin u 1818 yilda bir qator xonliklar (Kobul, Qandahor, Hirot va Peshovar) ga bo’linib ketdi. 1825 yilda Kobul hokimi Do’stmuhammad afg’on yerlarini bir butun davlat qilib birlashtirishga harakat qildi, lekin bunga Angliyaning bosqinchilik urushlari to’sqinlik qildi (1838 — 42, 1878 — 80 yillardagi urushlar). Angliya Afg’onistonni o’z mustamlakasiga aylantira olmadi, lekin 1879 yilda tashki siyosat uning nazorati ostiga o’tdi. 19 – asr oxiri — 20-asr boshlarida Afg’onistonda markazlashgan davlatni shakllantirish jarayoni yakunlandi. 1 – jahon urushida Afg’oniston o’zini betaraf deb e’lon qildi. Qulay xalqaro sharoitning vujudga kelishi Afg’oniston amiri Omonulloxonga 1919 yil 28 Fevralda Afg’onistonni mustaqil deb e’lon qilishga imkon berdi. 1919 — 28 yillarda Omonulloxon mamlakatda qoloqlikni bartaraf qilish va ishlab chiqarish munosabatlarini rivojlantirishga yo’naltirilgan bir qancha islohotlarni amalga oshirdi. 1923 yilda Afg’onistonning birinchi Konstitutsiyasi e’lon qilindi. 1929 yilda Angliya tomonidan uyushtirilgan isyon natijasida Omonulloxon taxtdan ketdi. Hokimiyatni muxolifat kuchlari rahbarlaridan biri, Bachai Saqo (Amir Habibullo nomi bilan) egalladi va u barcha islohotlarni bekor qildi. Lekin shu yilning o’zida Bachai Saqo hokimiyati ag’darib tashlandi. Taxtga o’tirgan Nodirshoh hukumati mamlakatni jadal rivojlantirish yo’lini davom ettirdi. 1933 yil taxtga uning o’g’li Muhammad Zohirshoh o’tirdi. 2-jahon urushi davrida Afg’oniston betaraflikni saqlab qoldi. Urushdan keyingi yillarda davlat tizimini demokratlashtirish, mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini jadallashtirish uchun muxolifat harakati kuchaydi (1947, 1950 — 51 yillardagi chiqishlar, 1965 — 66 yil Kobul shahridagi namoyishlar). 1973 yil 17 iyuldagi qon to’kilmay o’tkazilgan davlat to’ntarishi natijasida monarxiya tugatildi va mamlakat respublika deb e’lon qilindi. Chuqur islohotlarni o’tkazishga so’z bergan Muhammad Dovud hukumati o’z va’dasini bajarmadi. Mana shunday sharoitda 1978 yilning 27 aprelda yana davlat to’ntarishi amalga oshirildi. Hokimiyatga Afg’oniston Xalq demokratik partiyasining rahbari Nurmuhammad Taraqqiy boshchiligidagi kuchlar keldi va mamlakat Afg’oniston Demokratik Respublikasi, 1987 yildan Afg’oniston Respublikasi nomini oldi. N. Taraqqiy hokimiyati salkam bir yarim yildan keyin H. Amin tomonidan ag’darildi, uning o’zi o’ldirildi. Mamlakatda qirg’inbarot boshlandi. Lekin H. Amin hokimiyati ham uzoqqa bormadi. U 1979 yil 27 dekabrda ag’darildi hamda hokimiyat avval B. Karmal, 1986 yildan Najibullo rahbarligidagi Afg’oniston Xalq demokratik partiyasi va inqilobiy kengash qo’liga o’tdi. 1978 yil aprel to’ntarishidan keyin Afg’oniston Xalq demokratik partiyasi mavjud sharoitni hisobga olmasdan amalga oshira boshlagan islohotlar afg’onlarning asrlar davomida shakllangan an’analari va urf-odatlariga zid edi. Bu, ayniqsa, yerga egalik qilishda va undan foydalanishda, ta’lim tizimida hamda ayollarning jamiyatda tutgan o’rnida yaqqol ko’zga tashlanar edi. Shuning uchun ham islohotlarning aksariyati xalqda chuqur norozilik tug’dira boshladi. Bu esa mamlakatdagi hamda Pokiston va Erondan boshpana topgan afg’on muxolifat kuchlariga qo’l keldi. Keyinchalik Afg’oniston Xalq demokratik partiyasi yuqoridagi xatoliklarini tuzatishga harakat qildi. Lekin vaqt qo’ldan boy berilgan, mamlakat ichidagi nizolar chuqurlashgan edi. Mana shunday sharoitda Afg’oniston hukumatini qo’llab kelayotgan, shuningdek o’z tashqi siyosatini kommunistik mafkurani dunyo bo’ylab yoyish orqali ta’sir doirasini kengaytirish asosida qurgan SSSR qo’shinlarining 1979 yil 25 dekabrda Afg’onistonga kiritilishi dunyodagi barcha taraqqiyparvar xalqlar tomonidan keskin qoralandi. Ko’p yillik urush mamlakatga 20 milliard dollar zarar yetkazdi. 1 million afg’on halok bo’ldi, 4 million kishi chet ellarga bosh olib ketdi. 1989 yil Fevralda sobiq sovet qo’shinlari Afg’onistondan olib chiqib ketildi. 1992 yil aprelda Najibullo hokimiyati ag’darildi. Islomiy kuchlar hokimiyatni qo’lga oldi. Shu yildan mamlakat Afg’oniston Islom davlati deb atala boshladi. Sobiq sovet qo’shinlari Afg’onistondan chiqib ketgandan keyin ham mamlakat juda muhtoj bo’lib turgan siyosiy tinchlik va iqtisodiy qayta qurish davriga o’ta olmadi. Mamlakatda ichki fuqarolar urushi boshlanib, u sovet bosqinchilaridan ko’ra kattaroq vayronagarchilik olib keldi. “Tolibon” harakatining o’zaro kurashga qo’shilishi Afg’onistonda yangi vaziyatni vujudga keltirdi. Bu harakatning harbiy kuchlari 1994 yil kuzida dastlabki muvaffaqiyatga erishdi. 1996 yil 27 sentabrda ular Kobulni ishg’ol qilib, prezident B. Rabboniy va G. Hikmatyor hukumati ag’darib tashlanganini, mamlakatda shariat qonun-qoidalariga asoslangan “chin Islom boshqaruvi” joriy etilganini bildirdi. B. Rabboniy bilan Hikmatyor hukumati Mozori Sharifga borib o’rnashdi. 1996 yil 27 sentabr kuni Afg’onistonning sobiq Prezidenti M. Najibullo sud qilinmay qatl etildi. 1996 yil 10 oktabrda mamlakat shimolida toliblarga qarshi koalitsiya tuzildi. Xinjon shahrida harbiy rahbarlar — A. R. Do’stum, A. Sh. Mas’ud, A. K. Xaliliy harbiy ittifoq haqida bitim imzoladilar va Oliy mudofaa kengashi (OMK) tuzdilar. OMK shimoldagi 9 viloyatning o’ziga xos hukumati bo’lib, uning qarorgohi Mozori Sharif edi. Bu hukumat avvalgi barcha davlat tuzilmalari ishlay berishini, chet ellardagi diplomatiya va konsullik vakolatxonalari Afg’oniston manfaatlarini himoya qilishini ma’lum qildi. 1997 yil iyunida OMK. tarqatilib, uning o’rniga Afg’oniston Birlashgan Islom najot fronti tuzildi. Front toliblar bilan muzokara o’tkazishga tayyor ekanini bildirdi. 1997 yil oktabrda “Tolibon” harakati mamlakatning nomi Afg’oniston amirligi deb o’zgartirilganini rasmiy e’lon qildi. 1999 yil oxirida toliblar mamlakat hududining 80% dan ortig’ini nazorat qilar edi. Toliblar ma’muriyatini 3 davlat: Pokiston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari tan olgan. Jahon hamjamiyati prezident B. Rabboniy boshchiligidagi Afg’oniston hokimiyatini hamon birdan-bir qonuniy hukumat deb tan oladi. BMT da ham B. Rabboniy hukumatidan vakil qatnashadi. Iqtisodiy raqobatchilik va etnik kelishmovchilik kabi omillar ham Afg’onistondagi har xil jamoa va qabilalar o’rtasidagi qarama-qarshiliklarni chuqurlashtirdi. So’nggi 20 yil ichida bo’lib o’tgan voqealar Afg’onistonda kuch bilan hech nimaga erishib bo’lmasligini, faqat o’zaro kelishuv natijasida tinchlikka erishish va mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlarni qanoatlantiruvchi hokimiyat o’rnatish mumkinligini ko’rsatdi. Afg’onistonning yaqin qo’shnilaridan bo’lmish O’zbekiston ana shularni e’tiborga olib, Afg’oniston muammosini tinch bartaraf etishga intilib keldi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov 1993 yil BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida bu mamlakatdagi chigal ahvolga jahon jamoatchiligining e’tiborini qaratdi, 1995 yil 50-sessiyada bu muammoni bartaraf qilish xususidagi takliflarini bayon etdi. 1997 yil O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Afg’onistonga chegaradosh 6 mamlakat hamda AQSh va Rossiya ishtirokida muloqot o’tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Shu tashabbus amalga oshib, “6+2” guruhi tashkil etildi. Uning birinchi uchrashuvi o’sha yil 16 oktabrda Nyu-Yorkda bo’ldi. Nihoyat, 1999 yil 19 iyulda Toshkentda shu guruhning navbatdagi uchrashuvi o’tkazildi. Unda Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, O’zbekiston, shuningdek AQSh va Rossiya vakillari qatnashdi, BMT shafelik qildi. Unda Afg’onistondagi nizolashayotgan tomonlar: “Tolibon” harakati va Afg’oniston Birlashgan fronti mo’tabar namoyandalari ishtirok etishi katta voqea bo’ldi. Anjuman nihoyasida “Afg’onistondagi mojaroni tinch yo’l bilan bartaraf etishning asosiy tamoyillari to’g’risida” Toshkent Deklaratsiyasi imzolandi. Deklaratsiya “Tolibon” bilan Birlashgan front o’rtasida va ular bilan “6+2” guruhi a’zolari o’rtasida bevosita muloqatni yo’lga qo’yishga asos bo’ldi. BMT xavfsizlik Kengashi “6+2” guruhining Toshkent uchrashuvi yakunlarini yuqori baholadi. Qabul qilingan Toshkent deklarasiyasi BMT hujjati maqomini olgan. Afg’oniston – 1946 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi bilan Afg’oniston o’rtasida diplomatiya munosabatlari 1992 yil oktabrda o’rnatilgan. Asosiy siyosiy partiya va tashkilotlari. Afg’oniston Islom jamiyati (rahbari — Burhoniddin Rabboniy); Afg’oniston Islom partiyasi (rahbari — Gulbiddin Hikmatyor); “Tolibon” harakati (rahbari — mulla Muhammad Umar); Afg’oniston Milliy Islom harakati (rahbari — Abdul Rashid Do’stum); Afg’oniston milliy najot jabhasi (rahbari — Sibg’atulloh Mujaddadiy); Afg’oniston ozodlik Islom harakati (rahbari — Abdu Rasul Sayyof); Afg’oniston milliy Islom jabhasi (rahbari — Sayid Ahmad Giyloniy); Afg’oniston Islom birligi partiyasi (rahbari — Muhammad Haliliy). Ammo hozirgi kunda zikr etilgan partiyalarning aksariyati Pokiston hududida joylashgan bo’lib, Afg’oniston hududida esa “Tolibon” harakati bilan shimol Ittifoq qolgan. Shimol Ittifoq tarkibiga Afg’oniston Islom jamiyati”, “Afg’oniston Islom birligi partiyasi”, “Afg’oniston ozodlik Ittifoqi harakati partiyasi”, “Afg’oniston milliy Islom harakati” siyosiy partiyalari va ularga qarashli kuchlar kirgan. Xo’jaligi. Afg’oniston — agrar mamlakat. Uning xo’jaligi ko’p ukladli. Mamlakatning shimol viloyatlarida, Kobul atroflarida hamda Qandahor va Hirot viloyatlarida kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlari bir oz rivojlangan. Afg’oniston iqtisodiy jihatdan dunyoda eng qoloq va kambag’al mamlakatlarning biridir. Yalpi milliy mahsulotning 4/5 qismi qishloq xo’jaligida yaratiladi. Afg’oniston iqtisodiyotining asosini sug’orma dehqonchilik va yaylov chorvachiligi tashkil etadi. Sug’orma dehqonchilik Qunduz, Ko’kcha, Balx, daryoyi-Safed, Murg’ob daryolarining vodiylarida rivojlangan bo’lib, u yerlarda bug’doy, arpa, sholi, jo’xori, paxta, kunjut, qand lavlagi yetishtiriladi. Nangarhar viloyatida sholi, jo’xori bilan bir qatorda shakarqamish, tsitrus mevalari ham yetishtiriladi. Bog’ va toyuorlarning asosiy qismi Kobul, Hirot, Argandab hamda shimoliy va g’arbiy viloyatlardagi daryo vodiylariga to’g’ri keladi. Sabzavotchilik va polizchilik keng tarqalgan. Mamlakatda qishloq xo’jaligiga yaroqli 17 million gektar yer bo’lib, uning 8 million gektari haydaladigan yerlardir. Sug’orma yerlar 2,5 million gektarni tashkil etadi. G’allaning yalpi hosili 4 — 5 million tonna bo’lib, uning deyarli yarmi bug’doy, 1/6 qismi — arpa. Paxta (yiliga 200 ming tonna), sabzavot va poliz ekinlari (yiliga 200 ming tonna), uzum (yiliga 500 ming tonna), meva, zaytun (yiliga 150 ming tonna) yetishtiriladi. Chorvachilikda qo’ychilik asosi o’rin egallaydi. Qo’llarning 1/4 qismi Qorako’l qo’ylaridan iborat. Echkichilik, yilqichilik, tuyachilik ham rivojlangan. Parrandachilik ham mavjud. Sug’orma dehqonchilik hududlarida pillachilik rivojlangan. Mamlakatda 3 millionga yaqin kishi ko’chmanchilik bilan turmush kechiradi. Sanoat asosan mahalliy xom ashyoga asoslangan bo’lib, aholining kundalik ehtiyojlarini qondirishga yo’naltirilgan yengil va oziq-ovqat sanoati barpo qilingan. Elektr energiyasi mozori Sharifdagi quvvati 36 ming kVt li, Kobul, Gulbahor, Qandahor, Hirot va Bag’londagi quvvati 2 ming kVt li issiqlik elektr stansiyalarda hosil qilinadi. Kobul daryosida GES kaskadi (har biri 100 ming kVt li uchta va 15 ming kVt li bitta) mavjud, Janubda Hilmand daryosida (100 ming kVt gacha bo’lgan), uning irmog’i Argandabda 15 ming kVt li, Qunduz daryosida 15 ming kvtli “puli-Xumri” elektr stansiyalar barpo etilgan. Shimoldagi sanoat (gaz, neft, ko’mir, tosh tuzi va boshqalar) korxonalari 1997 yilning o’rtalarigacha mahsulot ishlab chiqardi. Kobulda metallsozlik, yog’ochni qayta ishlash, qurilish materiallari. ip gazlama, charm poyabzal korxonalari, Mozori sharifda azot o’g’itlari zavodi, to’qimachilik korxonasi, puli-xumrida tsement zavodi, to’qimachilik korxonasi, Jalolobod, Balx, Qandahorda jun gazlama fabrikasi, aqchada charm poyabzal korxonasi mavjud. Oziq-ovqat sanoati korxonalari deyarli barcha shaharlarda joylashgan. Sanoat markazlari — Kobul, Mozori Sharif, Qandahor, Hirot. Afg’onistonda gilam-do’zlik yaxshi rivojlangan. Balx, Jauzjon, Faryob, Badxiz, Hirot, Farroh viloyatlarida qo’lda gilam to’qiladi. Afg’oniston chetga ho’l va quruq mevalar, teri va charm, qorako’l, paxta, jun, gilam, moyli urug’lar, shifobaxsh o’tlar, tabiiy gaz chiqaradi. Chetdan turli mashina va jihozlar, neft mahsulotlari, shinalar, to’qimachilik mollari, doridarmon, tamaki, qand, choy, bug’doy, tayyor kiyimlar oladi. Temir yo’l transport irivojlanmagan (bundan uzunligi 11 kilometr bo’lgan Kushka-Torgundi temir yo’l istisno). Asosiy transport turi —avtomobil transporti. Avtomobil yo’llarining umumiy uzunligi 20 ming kilometr bo’lib, uning 3 ming kilometr asfaltlangan. Transport vositasi sifatida ot-eshak hamda tuyalardan keng foydalaniladi. Kobul va Qandahor shaharlarida xalqaro aeroportlar mavjud. Pul birligi — afg’oni. Maorif, matbuot, tibbiy xizmat va ichki hayotga tegishli boshqa sohalarga so’nggi yillardagi urush sezilarli ta’sir ko’rsatgan. Shu bois hozirgi kunda bu sohalarga oid biron bir ma’lumot mavjud emas. Adabiyoti. Afg’oniston adabiyotining rivojida pushtu va fors-Kobuliy tilidagi xalq og’zaki ijodining ta’siri katta. 10 — 15 – asrlar mumtoz adabiyotining namoyandalari Rudakiy, Firdavsiy, Sa’diy va boshqa shoirlar ijodiyotini Eron, Afg’oniston, Tojikiston xalqlari o’zlarining umumiy adabiy merosi deb hisoblaydilar. 15-asrda yashab ijod etgan Boyazid Ansoriy saj (qofiyali Nasr) uslubidagi asarlarida diniy-falsafiy, ijtimoiy fikrlarini bayon etdi. Uning izdoshlari, “Ravshaniy shoirlar” nomi bilan mashhur bo’lgan Davlat Lohoniy, Mulla Arzoniy, Mirzaxon Ansoriylar 17-asrda Afg’oniston adabiyotida ijtimoiy va demokratik mayllarni targ’ib qildilar. 17 — 18-asrlarda Xupholxon Hattak, Abdurahmon Rahmonbobo, Abdulhamid, Abdulqodirxon Hattak, Kozimxon Shaydo, Pirmuhammad Kokar, Ahmadshoh Durroniy kabi zabardast shoirlar yetishib chiqdi va Afg’oniston adabiyoti rivojida sermahsul davr boshlandi. Afg’oniston adabiyotiga fors-tojik va o’zbek adiblaridan Umar Xayyom, Hofiz, Jomiy, Xisrav Dehlaviy, Alisher Navoiy, Bedil ijodi barakali ta’sir o’tkazdi. 19 – asrda afg’onlarning ingliz bosqinchilariga qarshi qahramonona kurashi Nur Sohib, Nuriddin, Hamid Kashmiriy kabi yozuvchilar ijodida aks ettirildi. Maxmud Tarziy 20 – asr boshlarida taniqli ma’rifatparvar bo’lgan. O’sha paytda Solih Muhammad, G’ulom Muhiddin Afg’oniy va boshqa muhim ijtimoiy muammolar haqida yozdilar. 19 – asr oxiri — 20 – asr boshlarida Peshovarda nasrchilik rivojlana boshladi. Mavlaviy Ahmad afg’on adabiyotida hikoyanavislikka asos solganlardan biri bo’ladi. U pushtu tilida “Odamxon va Durxoniy” ertagi asosida qissa va “Afg’on ganjinasi” hikoyalar to’plamini yozdi. Ahmadshoh Rizvoniy she’r va hikoyalar ijod etdi. Afg’oniston mustaqillika erishgach (1919), adabiyotda ma’rifatparvarlik mavzui ustun bo’ldi, vatanparvarlik ruhidagi asarlar dunyoga keldi. Turli adabiy uslub va yo’nalishlar bir-biri bilan qo’shila bordi. 1937 yilda Kobuldagi “Anjumane adabiy”, Kandahordagi “Pushtu” jamiyatlari birlashuvi natijasida “Pashtu tolina” (afg’on akademiyasi) tashkil topdi. Akademiya olimlari pushtu tilidagi adabiyot va san’atni rivojlantirish bilan shug’ullandilar. 2- jahon urushidan keyin tuzilgan “bedor yoshlar” tashkiloti a’zolari matbuotda va adabiy asarlarda jamiyatda jiddiy o’zgarishlar qilish va mamlakatni og’ir iqtisodiy ahvoldan qutqarish talablarini ilgari surdilar. Afg’onistonning mashhur yozuvchilari: Abdurauf benavo, gul Pocho Ulfat, Nurmuhammad Taraqqiy, G’ulom Hasan Sofiy, Qiyomiddin Xodim, Sadikulla Rishgin, Abdulhaq Betob, Xalilulla Xaliliy. Me’morligi va tasvirni san’ati. Afg’oniston hududida miloddan avvalgi 4 — 3 ming yillarda barpo etilgan Mundigak manzilgohi qoldiqlari saqlanib qolgan. Yunon-baqtriya podshohdigi davri me’morligi va san’atida ellinizm ta’siri seziladi. Baqtra yaqinida, Bomiyon daryosi vodiysida 1-8 – asrlarga mansub budda ibodatxonalari, ehrom va haykallari saqlanib qolgan. Bomiyon majmuining eng e’tiborli qismi Buddaning qoyaga ishlangan bahaybat haykalidir. Bu davrda zargarlik, shisha va metalldan badiiy buyumlar yasash ham rivojlandi. Afg’oniston o’rta asrlar me’morligi va san’atida Eron hamda Turkiston me’morligi va san’ati bilan o’xshashligi ko’p. G’aznaviylar davri (977— 1186) dagi mahobatli binolarda ayvonlar, peshtoqlar paydo bo’ldi. Istehkom shaharlar, hashamatli saroylar, masjidlar, maqbaralar qurildi. 12-asr me’moriy obidalaridan G’azna atrofidagi minoralar alohida ahamiyatga ega. Jom yaqinidagi minoraning ulug’vorligi, mutanosibligi, undagi nafis naqshni me’morlik durdonasi desa bo’ladi. Temuriylar hukmronligi davrida qurilish ishlari avj oldi. Shaharlar qurish doirasining kengligi, binolarning dabdabali shakllari, ularning bezakdorligi — bu davr me’morligi va san’atining asosiy xususiyatidir. Hirotda katta qurilish ishlari olib borildi. Jome masjidi tiklandi, shahar atrofida bog’lar, saroylar qurildi. Masjid, madrasa, maqbara, minora va boshqalardan iborat kurkam Musallo majmuasi tashkil topdi. Balxdagi Xo’ja Abu Nasr Porso maqbarasi (15-asr) mashhur. 11 — 15-asrlarda amaliy-badiiy bezak san’ati ravnaq topdi. Metall, yog’och o’ymakorligi, kulolchilik, gilam to’qish keng rivojlandi. Hirot, Qandahorda ishlangan patnis, lagan, ko’za, shamdon, qalamdon, kurol aslaxa, egar-jabduqlar kurkam va nafis. Hirotning gilamlari o’zining ko’p rangli geometrik va o’simliksimon naqshlari bilan mashhur. Bu yerda miniatyura san’ati juda rivojlandi. Shohrux va uning o’g’li Boyso’ngur homiyligidagi kugubxonada Firdavsiyning “Shohnoma”, Nizomiyning “Xamsa”, Sa’diyning “Bo’ston” kabi mumtoz asarlarini Turkiston va Erondan keltirilgan xattotlar ko’chirdi, musavvirlar bezadi. Hirot miniatyura maktabi rasmlari kurkamligi, nafisligi, rangdorligi va mohirona tuzilgan kompozitsiyasi qurilishi bilan ajralib turadi. Hirotda Mirak Naqqosh (Behzodning ustozi), Behzod kabi mashhur musavvirlar ijod qildilar. 16 – asr obidalari orasida Bobur maqbarasi diqqatga sazovor. 18-asr obidalaridan Ahmadshoh Durroniy maqbarasi mashhur. Milliy san’atning rivojlanishida 1921 yilda Kobulda tashkil etilgan tasviriy, amaliy san’at va hunar maktabi katta rol o’ynadi. Abdulg’ofur Breshna va uning shogirdlari, G’avsiddin, Xayr Muhammad, Vafo va boshqalar ijodida manzara, mahalliy ozodlik kurashi tarixidan olingan voqealar, xalq hayotini ko’rsatuvchi lavhalar katta urin egallaydi. Portretchi rassom Humoyun E’timodiy ijodida ko’proq o’rta asr miniatyurachiligi o’rin olgan. Afg’on xalqi amaliy san’atining an’analari ham saqlanib kelmoqda. Teatri. 10 — 12-asrlarda G’aznaviy shohlar saroyida ommaviy tomoshalar qo’yish rasm bo’lgan edi. Xalq orasida ayiqboz, maymunboz va qo’g’irchoqbozlar tomosha ko’rsatib kelishgan. Afg’oniston mustaqillikka erishgach, havaskorlik teatr truppalari paydo bo’ldi, keyinroq Kobulda Yevropa tipidagi birinchi teatr ochildi. Ichki siyosiy ziddiyat kuchayishi natijasida 20 – yillar oxirida teatr yopildi. 1941 yil xalq tomoshalari boshqarmasi tashkil etildi. Ko’chma truppalar asosida “Poxini nindore” (40-yillarning o’rtalarida) va “Di Kobul nindore” (1947) maydonga keldi. Kobul teatrlari tarixiy mavzuda A. Karimiyning “Vatanga sadoqat”, Yu. Ko’hzodaning “Ahmadshoh bobo”, zamonaviy mavzuda A. Breshnaning “Soliqchi”, G. M. Ayyubiyning “Noma’lum odat qurbonlari”, A. Benovaning “Maktabdosh do’stlar”. A. Ixlosning “Akramxon va La’lixon”, R. Latifiyning “Kumush Shamdonlar” asarlarini sahnalashtirdi. Afg’on xalqi orasidan M. A. Ravnaq, Besad, Isir, Mash’al, Habiba, Jayla, Ra’no singari aktyorlar yetishib chiqdi. 1956 yil Kobulda teatr maktabi ochilgan. Musiqasi. Afg’oniston musiqasi rang-barang taronalarga boy. Xalq musiqasida bir ovozli, bayt qo’shiqlar keng tarqalgan; chorbayt, g’azal kabi an’anaviy va yangi shakldagi janrlar mavjud. Afg’on va Qashqar ruboblari, Dilrabo, Dilnavoz va tanbur kabi torli sozlar ko’p. San’at arboblaridan — sozandaxonanda Usto G’ulom Husayn va Usto Mamad Umar, shoir, xonanda-bastakor Hofizulla hiyol va Jamil Zalond, Salim sarmast va faqir Nangolay kabi bastakor-mehtarlar, Xadicha Parvin, Hamida Ruxshona, Qubra Jilo, Abduraim Sarbon, Abduvahob Mamadiy, Sora Zalond singari xonandalarning nomi kup mamlakatlarda ma’lum. 1965 yil mamlakatda birinchi musiqa maktabi ochildi. Kobuldagi Akademiya birinchi afgon qo’shiqlari to’plami (“Pashtani sandiri”)ni nashr etdi. O’zbekiston san’atkorlari Afg’onistonda, afg’on artistlari (Usto G’ulom Husayn, Hofizulla Hiyol) O’zbekistonda ko’p marta gastrollarda bo’lishgan. Mamlakatning taniqli musiqachilari orasida Qosim afg’on, Muhammadin Zayxeya va boshqalar bor. Abduhakim Qayumov.