AFINA

AFINA — Gretsiyaning poytaxti, Attika nomi (viloyati)ning ma’muriy markazi. Afina mamlakatning Janubiy-sharqidagi Attika yarim orolida joylashgan, Egey dengizi sohilida, uch tomoni tog’. Aholisi 772 ming kishi (1995). Afina Pirey va shahar atrofi bilan birga katta Afinani tashkil qiladi. Katta Afinaning maydoni 433,3 kilometr kvadrat. Aholisi 3 million kishidan ortiq. Afina qadimiy shahar. Shaharning vujudga kelgan vaqti aniq emas, rivoyatlarga ko’ra Afina o’rnida miloddan avvalgi 16— 13-asrlarda qishloqlar bo’lgan. Miloddan avvalgi 5-asrda Afina iqtisodiy, siyosiy va madaniy rivojlanishining eng yuqori pog’onasida bo’lgan. 395-1204 yillarda Vizantiya imperiyasi tarkibida. 1204— 1458 yillar Afina gertsogligi poytaxti, 1458 yildan turklar tasarrufiga o’tgan. 1834 yildan Gretsiya poytaxti. Afina — Gretsiyaning asosiy sanoat markazi, mamlakatdagi temir yo’l, avtomobil va havo yo’llarining yirik tuguni. Xalqaro Elinikon aeroporti bor. Afinadan 8 kilometr narida mamlakatning eng yirik dengiz porti — Pirey joylashgan. Katta Afina Gretsiya umumiy sanoat mahsulotining 2/3 qismini beradi. Afinada to’qimachilik, tikuvchilik, ko’n poyabzal, oziq-ovqat, kimyo, neftni qayta ishlash, tsement, poligrafiya, metallsozlik va mashinasozlik (shu jumladan kemasozlik) sanoati korxonalari bor. Gilam, mebel, chinni buyumlar ishlab chiqariladi. Afina yirik savdo va moliya markazi. Afinada Fanlar akademiyasi (1926), ko’plab oliy o’quv yurtlari, jumladan Afina universiteti (1837), bir qancha tarix, arxeologiya va badiiy muzeylar (Akropol, Agora, Vizantiya) bor. Shaharning asosiy qismi Akropol qoyasi bilan Likavittos balandliklari o’rtasida bo’lib, yagona me’moriy reja asosida qurilgan. Shaharning eng qadimgi qismi miloddan avvalgi 7-asrda shakllangan. Shaharning Akropol atrofidagi qismi me’moriy va arxeologiya muzeyi sifatida saqlanmoqda. Afinada Afina davlatining tarixiy yodgorliklari bor. Afinaning asosiy yodgorligi — Akropol balandligi 156 metrli qoyada joylashgan; Agora, Areopag va Pniks tepaliklari — ijtimoiy va siyosiy hayot markazlari. Akropolning bosh inshootlari: Propilei (miloddan avvalgi 437-432 yillar), Nike Apteros ibodatxonasi (miloddan avvalgi 420 yil), Erexteyon (miloddan avvalgi 421-406 yillar). Afinada Olimpiya Zevsi ibodatxonasi (miloddan avvalgi 2-asr — 2-asr milodiy), Lisikrat haykali (miloddan avvalgi 335 yil atrofida), “Shamollar minorasi” (miloddan avvalgi 1-asr o’rtalari) va boshqalar ham saqlangan. O’rta asr me’moriy yodgorliklaridan Ayos — Elefterios (11-asr), Agoradagi Ayi — Apostollar (11-asr) cherkovlari bor. Yangi inshootlardan — “Olimpiya” teatri (1951), “Xilton-otel” (1959— 63) qurilgan. Afinada 1896 yil I Olimpiada o’yinlari bo’lib o’tgan.