AHMADSHOH DURRONIY
AHMADSHOH DURRONIY (taxminan 1721 — 1773) — afg’on davlat arbobi va sarkarda, mustaqil afg’on davlati asoschisi, shoir. Afg’onlarning Durroniy qabilasining sadozay urug’idan. 1738 yil Eron shohi Nodirshoh Afshar xizmatiga kirgan. 1747 yil Nodirshoh vafot etgach, Ahmadshoh Durroniy Eron armiyasidagi afg’on qo’shinlarini Afg’onistonga olib ketgan. 1747 yil Afg’oniston shohi deb e’lon qilingan. O’z hukmronligi ostiga barcha afg’on qabilalari hamda xonlarini birlashtirib, ularni turli sovg’alar, yerlar, mansablar bilan o’ziga tarafdor qilib olgan. Hindiston, Eron va Janubiy Turkistonga qator harbiy yurishlar uyushtirib, Panjob (1748 — 51), Kashmir (1752), Sirxind va Sind (1757), Balujiston (1750), Seyiston (1754), Xuroson (1754) va Balxni (1752) bosib olgan. 1761 yil Panipat jangida marathalarni tor-mor keltirgan. Umrining so’nggi davrida sikhlar bilan uncha muvaffaqiyatli bo’lmagan urushlar olib borgan. Ahmadshoh Durroniy 17 – asr afgon she’riyatining davomchisi sifatida pashtu tilida lirik she’rlar yaratgan. 1940 yil Kobulda Ahmadshoh Durroniyning 3000 baytdan iborat devoni nashr etildi. Ahmadshoh Durroniy devonining ko’lyozmalaridan biri O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi.