Akseleratsiya

Akseleratsiya (lotincha-jadallashtirish)-bolalar va o’smirlarda XIX asrning ikkinchi yarmida kuzatilgan, ularning jinsiy balog’atga yetishini jadallashtirish, bo’yini o’stirish va bularni amalga oshirishni tezlashtirish. Bu atama 1935 yilda Ye.Kox tomonidan taklif etilgan. Akseleratsiya-individual rivojlanish sur’atlarini o’tgan ajdodlarnikida qaraganda jadallashtirish bo’lib, hozirgi zamon kishisi biologiyasidagi ayrim o’zgarishlar umumiy yo’nalishining bir qismi hisoblanadi, u maxsus adabiyotlarda “asriy an’ana” deb ataladi. Akseleratsiya tushunchasini umrni uzaytirish, ayollarda menopauzaning ancha kech yuzaga kelishi, kasallanish, ko’rinishini o’zgartirish va boshqalar singari “asriy an’analar”ning namoyon bo’lishiga tadbiq etmaslik lozim. Bo’yning sezilarli darajada o’sishi emizikli bolalarda kuzatiladi. Yoshga qarab Akseleratsiya sur’atining oshishi rivojlanishning balog’at davrida maksimum darajaga yetadi. Tana hajmining oshishi bilan bir qatorda ayrim ichki a’zolar (yurak) hajmi ham kattalashadi. Qiz bolalarda ancha oldinroq jinsiy yetilish va o’g’il bolalarda suyakning qotishi tana o’sishining oldinroq to’xtashiga olib keladi (qiz bolalarda 16-17 yosh, o’g’il bolalarda 18-19 yosh). Ruhiyat rivojlanish darajasi ob’yektiv ko’rsatkichlarining yo’qligi ruhiy Akseleratsiya mavjudligi va darajasini aniq belgilash imkonini bermaydi. Ruhiy Akseleratsiyaga dalil sifatida keltirilgan ma’lumotlar ruhiy rivojlanish jadallashganinigina emas, balki hozirgi bolalarning ko’p narsadan xabardorlik darajasi oshganligini ham anglatadi. Akseleratsiya sababi bir qator omillarning birgalikda ta’siri ekanligini ko’rsatadi, bunda turli joylarda va turli vaqtlarda turli omillar birinchi o’ringa chiqadi. Lekin, avvalo Akseleratsiyaning ijtimoiy jihatlar bilan bog’liqligini ta’kidlash lozim. Turmush darajasi yuqori bo’lgan mamlakatlarda Akseleratsiya ham yuqori. Turmushdagi noxush sharoitlar (urushlar, tabiiy ofatlar) organizm rivojlanishining genetik belgilangan tartibda borishini sekinlatadi yoki to’xtadi. Akseleratsiya bolalar kasallanishining o’zgarishiga olib keladi. Yoshlar qon bosimi oshishi, lekozi, qomatining buzilishi va boshqalar paydo bo’ldi. Qand kasalligining yoshlarda ham uchrashi, shuningdek, ularda bod, asabiy-ruhiy xastalanish kuzatila boshlandi. Akseleratsiyaning bundan keyingi jarayonini bashorat qilish ancha mushkul. Ayrim mamlakatlarda uning sur’ati pasayayotgani hozirdayoq sezilmoqda. Akseleratsiya insoniyat oldiga ko’plab ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik, yuridik va boshqa muammolarni qo’ymoqda. Masalan, Akseleratsiyaning sog’liqqa ta’siridan tashqari, jismoniy va ijtimoiy yetuklikning erishilgan darajali o’rtasidagi farq dolzarb muammoga aylandi, bu ko’p hollarda ruhiy va ijtimoiy nizolarni yuzaga chiqarmoqda. Ba’zi ilgari surilayotgan takliflar, xususan, Akseleratsiya bilan bog’liq holda nikohdan o’tish yoshini pasaytirish va boshqalar yetarlicha ilmiy asosga ega emas. Yoshlarni jismoniy hamda jinsiy tarbiyalashni yaxshilash zarur, bundan tashqari Akseleratsiya gigiyenik shakllantirish, kiyim-kechak, bolalar uchun va o’smirlar uchun mebellar standartini gigiyenik me’yorlashtirishni qayta ko’rib chiqish masalasini dolzarb qilib qo’ymoqda.