AKTINOMISETLAR
AKTINOMISETLAR, nursimon zamburug’lar — shoxlangan hujayralar yoki giflarni hosil qiluvchi bakteriyalar. Ular tuzilishida zamburug’larga xos xususiyatlar ham mavjud. Aktinomesitlarga chin Aktinomesitlar, mikobakteriyalar, streptomisetlar va boshqalar kiradi; 700 ga yaqin turi bor. Aktinomesitlar substratdan nursimon o’sib chiqqan ingichka ipchalardan iborat (nursimon zamburug’ nomi shundan kelib chiqqan). Ipcha (miseliy) shoxchalarining uchida sporalar bo’ladi. Aktinomesitlar shu sporalardan ko’payadi. Tuproq, suv havzalari, havo va o’simlik qoldiqlarida uchraydi. Ba’zilari odam va hayvonlarda (aktinomikoz, sil, difteriya), shuningdek o’simliklarda parazitlik qiladi. Antibiotiklarni hosil qiluvchi turlari (asosan, streptomisetlar), pigmentlar, vitaminlar va shu kabilardan mikrobiologiya sanoatida foydalaniladi, shuningdek doridarmonlar (antibiotiklar) olinadi.