AKVARIUM
AKVARIUM (lotincha aqua — suv) — 1) suv hayvonlari va o’simliklarini tirik saqlash va ko’paytirish uchun foydalaniladigan shisha idish. Foydalanish maqsadi va organizmlar uchun zarur bo’lgan sharoitga binoan Akvariumning tuzilishi, shakli va o’lchami har xil bo’ladi. Akvarium odatda yaxlit shishadan yoki sinchi metalldan, devori shishadan yasaladi. Akvarium yasash uchun ba’zan organik shishadan ham foydalaniladi: standart Akvarium to’g’ri burchakli, balandligi bilan eni bir xilda, bo’yi endian 1,5 marta uzunroq qilib yasaladi. Devorga qo’yiladigan Akvariumning oldingi devoir egik bo’ladi. Akvarium tubiga yuvib tozalangan daryo qumi (zarrachalarning o’lchami 2-4 millimetr) solinadi. Baliq boqish uchun Akvarium suvi kislorodga to’yingan, undagi mineral tuzlarning tarkibi va nisbati muayyan miqdorda bo’lishi lozim. Suvni kislorodga to’yintirish uchun Akvariumda suv o’simliklari o’stiriladi, o’simliklar har kuni 10-12 soat davomida yoritib turiladi. Yorug’likda o’simliklar Akvarium baliqlari nafas olganida chiqadigan karbonat angidrid gazini o’zlashtirib kislorod ajratib chiqaradi, suvdagi mineral moddalarni shimib oladi. Suvni doimo toza saqlash uchun Akvarium devori tozalab turiladi, suv tubiga cho’kkan chiqindilar olib tashlanadi, bug’langan suvning o’rni to’ldirib turiladi. Akvariumda suv yuzasida (ruchchiya, salviniya, suv salati va boshqalar) va suv qa’rida qalqib turadigan (elodeya, urut, lyudvigiya va boshqalar), suv tubiga yopishib o’sadigan (vallisneriya, o’qyoybarg, aponogeton, exinodorus, kriptokorina va boshqalar) o’simliklar o’stirish mumkin. Akvariumning ustini shisha bilan yopib, qopqoqni cheti havo kirib turishi uchun bir oz ochib qo’yiladi. Ilmiy laboratoriyalarda, ba’zan xonadonlarda ham Akvarium suvi nasos yordamida havo yuborish bilan kislorodga to’yintiriladi, qum va faollashtirilgan ko’mir orqali o’tkazib tozalab turiladi; 2) ilmiy tadqiqot o’tkazish yoki namoyish qilish maqsadida dengiz yoki chuchuk suv hayvonlari va o’simliklari namunalarini tirik holda saqlaydigan muassasa. U suv hayvonlari va o’simliklarining hayoti o’rganiladigan va namoyish etiladigan ilmiy muassasalar va hayvonot bog’larida (shu jumladan Toshkent hayvonot bog’ida) barpo etilgan. Dastlabki Akvarium 19-asrning 2 – yarmida qurila boshlagan (Sevastopol -1871, Neapol -1872). Dengiz hayvonlarini o’rganish uchun Akvarium odatda dengiz sohiliga yaqin joyda quriladi. Eng yirik Akvarium Neapol, Bombey, Sevastopolda qurilgan. Dengiz Akvariumi ba’zan okeanarium deb ham ataladi.