AMERIKALIKLAR
AMERIKALIKLAR – AQSH aholisining ko’pchilik qismini tashkil etadigan xalq. Amerikaliklar 194,2 million kishidan ortiq (1992), jumladan AQShda 193 million kishi. Kanadada 320 ming kishi, Meksikada 135 ming kishi, Buyuk Britaniyada 120 ming kishi yashaydi. Amerikaliklar millati 17-asrning boshlarida Angliyaning shimoliy Amerikadagi mustamlakasiga Yevropadan ko’chib kelgan kishilar (ingliz, shotland, irland, golland, frantsuz, ispan va boshqalar) dan tashkil topgan. Amerikaliklar millati asosan Shimoliy Amerikada mustaqillik uchun kurash (1775 — 83) arafasida va shu kurash mobaynida shakllangan. AQShga muhojir bo’lib kelgan turli-tuman etnik guruhlar assimilyasiya bo’lib, Amerikaliklar qiyofasiga, tili va madaniyatiga o’z hissalarini qo’sha bordilar. 19-asr o’rtalarida, fuqarolar urushi (1861 — 65) arafasida AQShga ko’p irland va nemislar keldi. 19 – asrning oxirlarida esa G’arbiy Yevropa bilan bir qatorda Sharqiy va Janubiy Yevropadan, Osiyodan muhojirlarning kela boshlashi Amerikaliklarning etnik xilma-xilligini kuchaytirdi. 1 – jahon urushi davrida (1914 — 18 yillarda) Meksikadan, Lotin Amerikasining boshqa mamlakatlaridan ham juda ko’p muhojirlar keldi. 1 – jahon urushidan keyin chet ellardan ko’chib kelish qonuniy cheklab qo’yilgach, kelgindilar soni kamaya boshladi. Dindorlari asosan protestantlar, katoliklar. Amerikaliklar millati nisbatan yosh. Etnik jihatdan qo’shilish jarayoni tug’allanganicha yo’q. Ko’pgina milliy guruh (polyak, italyan va boshqalar) lar o’z mamlakatlari madaniyatlarini qisman saqlab qolganlar, lekin ingliz tilida so’zlashadilar. Amerikalik o’zbeklar ham til, urf-odat, madaniyatlarini saqdab qolganlar. Amerikaliklar ingliz tilining Amerikan shevasida so’zlashadi. Shartli ravishda ba’zan Amerika qit’asida yashovchilarning hammasini Amerikaliklar deb ataydilar.